Amerikada sharqona festival, maxsus reportaj


Amerikaning Texas shtati, Xyuston shahrida shu oy boshida Markaziy Osiyo san’at ahli jamul-jam bo’ldi.

Yuzlab sozanda, xonanda, hunarmand, raqqos, oshpaz, chevarlar...


Birinchi Ipak Yo’li festivalini nishonladi ular.

Katta shodiyona Amerika xalqiga Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkiya, Turkmaniston va O’zbekiston madaniyati bilan tanishish imkonini berdi.

Texasda qadim Ipak Yo’li karvon saroyiga tushib qolgandaysiz. Sharqona bezalgan darvozadan kirib borar ekansiz, atrofda mahsulot uyum-uyum rastalar…

O’tgan-ketgan o’zbek, ozar, turk, qozoq, qirg’iz, turkman tillarida so’zlashadi, qo’shiq aytib, hazil qiladi…

Yig’in boshida turgan, barcha xarajatlarni bo’yniga olgan homiylardan biri – “Turkuaz” kengashi.

Mustaqil bu guruh Amerika, Turkiya, Turkiy va Yevrosiyo xalqlari orasida muloqotni yaxshilashni ko’zlaydi, deydi uning rahbari Kemal Oksuz.

“Fikrimcha, Amerikada eng mehmondo’st, ochiq shtatlardan biri Texasdir. Festivalda ishtirok etayotgan davlatlar ham mehmonnavoz. Shu jihatdan o’rtada o’xshashlik, odamoxunlik kuchli. Boshqa tomondan, Xyuston, Istanbul va Boku birodar shaharlar. Shuningdek, mintaqa va Texas o’rtasida energetika sanoati, bizneslar bordi-keldisi kuchli. Texasliklar orasida Boku, Toshkent, Ashgabat, Bishkekda bo’lganlar kam emas”, - deydi u.

Shodiyonani tashkiliy jihatdan boshqargan esa TURKSOY xalqaro tashkiloti. Madaniyat vazirliklari bilan ishlab, hunarmand, sozanda, xonanda, usta va oshpazlarni tanlagan – shular.

Bizni turkiy dunyo YUNESKOsi deb atashadi, deydi uning bosh kotibi Duysen Kasseinov.

“Turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, san’atini ardoqlab, kelajak avlodlarga yetkazishni istaymiz. Qarorlarni a’zo 14 davlat madaniyat vazirlarining doimiy kengashi qabul qiladi. Festivalga bahordan tayyorgarlik ko’ra boshlagan edik. Pavilyonlar esa 18 sentabrda qurila boshladi. Qarang, qanday muhtasham!” - deydi u.

Doira va karnay sadosi kelib turgan tomon, o’zbekistonlik hunarmandlar rastasi tomon yuramiz. Toshkentlik Nilufar Musajonova chaqqon, usta kashtachi. Bu yil uning uchun omadli keldi, xalqaro festivallarga ketma-ket taklif oldi. Qo’limda igna-ip bo’lmasa, turolmayman, deydi u.

"TURKSOY tashkilotiga ijod namunalarimizni, suratlarni jo'natdik, ular shunga qarab, ustalarni tanlab olishdi. Ko'rib turganlaringizni shogirdlarim bilan bajarganmiz", - deydi Nilufar.

Qo’shni chodirda xorazmlik rassom Anvar Nazarov bilan tanishamiz. Somon va kofe bilan ishlaydi.

"Xorijga birinchi chiqishim. Shu paytgacha O'zbekistonda, ustaxonalarimda shogirdlarim bilan ishlab kelar edim. Hamkasb ustalar chet elga chiqqanida asarlarimni ko'rsatib, xaridor chiqsa, sotib, pulini menga olib kelishar edi", - deydi u.

Amerika ahli bizni kashf qilayotgan bo’lsa, biz Amerikani kashf qilayapmiz, deydi bu ijodkorlar.

Yig'indan fotoreportaj va video:



XS
SM
MD
LG