Texasda Muhammad payg'ambar karikaturasi tanlovi paytida otishma

  • Amerika Ovozi

Garland, Texas shtati

Garland, Texas shtati

Texas shtatining Dallas shahri yaqinida politsiya ikki kishini otib o'ldirgan. Tergovchilarning aytishicha, bu odamlar xavfsizlik xodimlariga hujum qilib, so'z va fikr erkinligiga bag'ishlangan bellashuvga bostirib kirib, qatnashchilarni nishonga olmoqchi bo'lgan. Bu hol esa odatda musulmonlar qarshiligiga uchraydi, chunki islomda payg'ambar suratini chizish mumkin emas. 200 ga yaqin odam yig'ilgan konkursda Muhammad payg'ambar aks etgan hajviy suratlar namoyish etilgan. G'olibga 10 ming dollar va'da qilingan. Tanlovda 350 karikatura ko'rib chiqilgan.

Yakshanba kuni Garland degan shaharchada bir mashina tadbir o'tayotgan saroyga xavfsizlik qoidalarini buzgan holga kirishga harakat qilgan. Unda o'tirgan ikki odam qurollangan bo'lgan va xodimlarga o'q uzilgan. Zobitlar yaralangan, hujumchilar esa yo'q qilingan, deydi mutasaddilar.

Jasadlar ancha payt mashinada yotgan, chunki u yerda bomba bo'lishi mumkin, degan xavotir ostida maxsus robot uskunalar olib kelinib, avtomobil obdon tekshirilgan.

"Hozircha bilganimiz shuki, ikki odam mashinada kelib, qo'riqchilarni o'qqa tutgan",- deya bildiradi politsiya boshqarmasidan Jo Xarn.

O'lganlar - musulmonlar. Biri - 35 yoshli Elton Simpson, Illinoys shtatidan. Simpson oldin sudlangan, terrorizmga aloqadorlikda ayblanib, uch yillik shartli jazo olgan. Ikkinchisi - 34 yoshli Nodir Sufiy, Texasdan.

Har ikkisi "Islomiy davlat" tarafdori ekani haqida ma'lumotlar bor. Ular birga Arizona shtatida yashashgan.

Tergovchilar tekshiruv tugamay turib kechagi voqea yuzasidan xulosa qilmaslikni so'ramoqda. Bir kishi hujumchilarga aloqadorlikda gumon qilinib so'roq qilingan biroq uning daxli yo'qligi aniqlangach qo'yib yuborilgan.

Muhammad payg'ambar tasviri bo'yicha tanlovni Nyu-Yorkda asoslangan Amerika erkinliklari himoyasi deb nomlangan tashkilot o'tkazgan. Bu organ rahbari Pamela Geller islomning ashaddiy tanqidchisi va bu dinni "erkinlik dushmani" deb ataydi. Kecha Garland shahrida yuz bergan hujum, deydi u, so'z erkinligiga qarshi to'g'ridan-to'g'ri tahdid.

Nyu-Yorkda 2001-yilning 11-sentabrida terror xurujlari natijasida qulagan osmono'par binolar o'rnida bugun yangi inshoot qad ko'targan. Uning yaqinida masjid qurish loyihasiga Pamela Gellerning tashkiloti qarshi chiqib, targ'ibot ishlari olib borgan edi. Geller telekanallarga bergan intervyularida musulmonlarni zo'ravonlikda ayblaydi va islomni terrorizmga bog'laydi.

Yevropada, xususan Daniyada 2005-yilda Muhammad payg'ambar aks etgan karikaturalar keskin to'qnashuvlarga sabab bo'lib, ularni chizganlar yashirinishga majbur bo'lgan. Shu yilning yanvar oyida esa Fransiyada hajviy jurnal "Charlie Hedbo" (Sharli Edo) tahririyatiga hujum qilinib, 12 kishi, jumladan, bosh muharrir o'ldirilgan edi. Bu nashr ham Muhammad payg'ambar karikaturalarini chop etib tanilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG