Tailand uyg'urlarni Xitoyga topshirgani uchun tanqid ostida

  • Amerika Ovozi

Yuzdan ziyod uyg'urlar Tailanddan Xitoyga deportatsiya qilinganini Qo'shma Shtatlar qatorida Yevropa Ittifoqi ham qoralab chiqdi.

Tailand bu odamlarni majburan vataniga qaytargani xalqaro insonparvarlik tamoyillariga zid, deyiladi ittifoq bayonotida. BMTning Qochqinlar agentligi ham qarordan taajjubda.

Bir yuz to'qqiz nafar uyg'ur, jumladan bolalar va ayollar, Xitoyga topshirilgani katta uyg'ur jamoasiga ega Turkiyada namoyishlarga turtki bergan, chunki Anqara ularga boshpana berishga rozi edi. Ayni damda Tailandning Turkiyadagi diplomatik idoralari yopiq.

Tailand hukumati esa xalqaro qonunlar buzilmaganini da'vo qilmoqda. "Bu odamlar bir yildan buyon bizning mamlakatda edi. Har birining shaxsini tekshirdik, fuqaroligini aniqladik. 170 nafarini Turkiyaga va 100 kishini Xitoyga qaytardik. Yana 50 uyg'urning shaxsi tekshirilmoqda", - deydi hukumat so'zlovchisi.

"Human Rights Watch" huquq tashkiloti deportatsiyalarga darhol moratoriy qo'yishga chaqirmoqda.

Xitoy, o'z navbatida, ayrim xorijiy hukumatlarni bu janjaldan o'z manfaati uchun foydalanayotganlikda aybladi. "Vatanga qaytarilgan uyg'urlar qochoq emas, balki noqonuniy immigrantlar. Bu masalada Tailand bilan hamkorlikni yo'lga qo'yganmiz", - deydi Xitoy rasmiylari.

Uyg'ur-Amerika Uyushmasi Tailand hukumatini keskin tanqid qilib, qolgan uyg'urlarni uchinchi bir davlatga, xususan, Turkiyaga topshirishga undayapti.

"Uyg'ur qochqinlar Xitoyga jo'natilgani siyosiy qaror bo'lgan, ularning jabr-zulmdan himoyalanish huquqi toptaldi. Uyg'urlar haqida gap ketganda, xalqaro qonunlar Xitoy uchun bir pul. O'tmishdan bilamizki, hibsda bu odamlarga qo'pol munosabatda bo'lishadi", - deydi Vashingtonda asoslangan uyushma rahbari Olim Seytoff.

Xitoyning Anqaradagi elchixonasi oldida namoyish ur-yiqit bilan tugadi

Xitoyning Anqaradagi elchixonasi oldida namoyish ur-yiqit bilan tugadi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG