Tailand hukumati isyonchilar bilan muzokarani davom ettiradi

  • Amerika Ovozi

Tailand hukumati mamlakatdagi musulmon isyonchi guruhlar bilan muzokara olib borishga tayyor ekanini bildirmoqda. Keyingi oy Malayziyada bo’lib o’tishi kutilayotgan muloqotning samara berishiga ishonuvchilar ko’p emas. Ammo tahlilchilar fikricha, muzokara qo’zg’olon tarixida yangi sahifa ochib beradi.
Shu hafta Tailand Milliy xavfsizlik kengashi fevral oyida boshlangan muzokaralarning kelasi oy Malayziyada davom etishi haqida ma’lum qildi.

Muloqot Malayziya chegarasidagi asosan musulmonlar yashovchi viloyatlarda 10 yildan beri davom etayotgan qo’zg’olonga chek qo’yishni maqsad qiladi. Ixtilof hu paytgacha 5500 odamning hayotiga zomin bo’ldi.

“Human Rights Watch” tahlilchisi Sunay Pasukning aytishicha, tinchlik muzokaralari davom etayotgan paytda ham zo’ravonlik to’xtamayapti.

“Nima bo’lishidan qat’i nazar, har kungi zo’ravonliklar davom etyapti. Isyonchilar hujumi ortidan hukumat kuchlari ular joylashgan yerlarda reydlar o’tkazadi. Bunga javoban jangarilar yana qayta hujum tashkil qiladi. Bu tennis o’yinidagi takroriy hujumlarga o’xshaydi, lekin juda xatarli o’yin”, - deydi u.

Tinchlik muzokaralari o’tgan yili sobiq Tailand bosh vaziri Taksin Shinavatra va Malayziya yetakchisi Rajib Razzoq tashabbusi blan boshlangan edi. Taksin hozirgi bosh vazir Yingluk Shinavatraning akasi bo’lib, korrupsiya aybloblaridan qochib xorijga chiqib ketganiga qaramay, mamlakat siyosiy hayotida hanuz katta ta’sirga ega shaxs hisoblanadi.

Bo’hronlarni o’rganish xalqaro guruhi tadqiqotchisi Metyu Vilerga ko’ra, muloqotning ijobiy natija berishiga umid kam bo’lsa ham, u mojaroda burilish nuqtasi yasashi mumkin.

“Vaziyat o’zgargani aniq. Bunga muloqotning boshlangani ham dalil. Muzokarlarning natija berishiga shubha ko’p va ularning ayrimlari asosli. Ayrimlari esa chalg’ituvchi siyosiy ayblov asosiga qurilgan. Chunki muloqot ortida Taksin va Malayziya bosh vaziri Najib turibdi. Ammo rasmiylar muzokaralarni davom ettirish ahdida qat’iy”, - deydi u.

Tailand janubidagi qonli to’qnashuvlar xalqaro hamjamiyat diqqat markazida. Seshanba kungi hujumda yashirin bomba portlashi oqibatida mamlakat politsiyasining uch yetakchi xodimi halok bo’ldi.

Bo’hronlarni o’rganish xalqaro guruhi ma’lumotiga ko’ra, 2013-yilning dastlabki yarmida har oy o’rtacha 24 ta hujum qayd etilgan. Hukumat muzokaralarni boshlagandan beri isyonchilar kurash taktikasini o’zgartirmoqda, deydi tahlilchi Viler.

“Harbiy nishonlarni tanlashda o’zgarish ro’y berdi. Ayniqsa, patrul qo’riqchilariga pistirmadan portlovchi moslamalar yordamida hujum qilish, so’ng qurolli otishma boshlash ko’p uchramoqda. Ular bu bilan muzokaralarda o’z mavqelarini yanada mustahkamlash hamda xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb etishga urinmoqda”, - deydi tahlilchi.

Isyonchilar vakili bo’lgan “BRN” guruhi barcha hukumat kuchlarining janubdan olib chiqib ketilishini hamda hibsdagi isyonchilarning ozod etilishini talab qilmoqda. Ular, shuningdek, muzokaralarga Islomiy hamkorlik tashkiloti hamda ASEAN kabi xalqaro tashkilotlarning ham jalb etilishini istamoqda. Islomiy hamkorlik tashkiloti Tailand hukumatini mojaroni hal etishda sustkashlikka yo’l qo’yayotganlikda ayblaydi.

Tahlilchilarga ko’ra, ixtilofga chek qo’yish uchun hukumat aniq takliflar bilan chiqishi kerak. Ammo Tailand rahbariyati bahsli hudud ustidan nazoratni butkul boy berishdan qo’rqadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG