Xitoy uyg'urlarni Tailanddan deportatsiya qilish qarorini himoya qilmoqda

  • Amerika Ovozi

(arxiv surat) Turkiyalik uyg'urlar Anqarada Xitoy elchixonasi yonida namoyish qilmoqda, 9-iyun, 2015-yil

(arxiv surat) Turkiyalik uyg'urlar Anqarada Xitoy elchixonasi yonida namoyish qilmoqda, 9-iyun, 2015-yil

Xitoyning bildirishicha, o'tgan hafta Tailanddan deportatsiya qilingan 190 uyg'ur Suriya yoki Iroqda "Islomiy davlat" jangari guruhiga qo'shilish uchun Turkiyaga bormoqchi bo'lgan.

AQSh, BMT va mustaqil inson huquqlari tashkilotlari deportatsiyani tanqid qildi. Ular nazarida bu uyg'urlar qiynoqqa solinishi mumkin.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiysiga ko'ra, noqonuniy immigratsiya yoki pasportlarni soxtalashtirish orqali odamlarni noqonuniy ravishda mamlakatdan chiqarish dunyoda tan olingan jinoyatdir.

"Bu noqonuniy migrantlarning xalqaro konvensiya va ikkitomonlama shartnomalar asosida qaytarilishi mamlakatlar o'rtasida noqonuniy immigratsiya va inson savdosiga qarshi kurashga qaratilgan hamda bizning xalqaro qonunlar va majburiyatlarimizga javob beruvchi oddiy hamkorlikdir", - deydi rasmiy.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSh Davlat departamentining deportatsiyaga nisbatan tanqidiga rasmiy norozilik bildirdi.

Xitoy davlat axborot agentligi "Shinxua" xabariga ko'ra, Tailanddan Xitoyga qaytarilgan 109 uyg'urdan 13 nafari terror harakatlarida gumon etiladi.

Bu guruh bir yildan oshiq vaqtdan beri Tailandda noqonuniy immigrant sifatida saqlangan edi. Ularning Xitoydan ekani aniqlangach, Bangkok uyg'urlar deportatsiya qilinganini bildirdi. Tailand hukumati vakilining aytishicha, bundan oldin Xitoydan ularga zarar yetkazmaslik kafolatlari olingan.

Turkiyalik uyg'urlar Istanbulda deportatsiyaga qarshi norozilik namoyishlari o'tkazdi. Yakshanba kuni esa Vashingtonda Jahon uyg'urlari kongressi tashabbusi bilan Tailand elchixonasi yonida norozilik namoyishi bo'lib o'tdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG