Huquq tashkilotlari Tailandga: uyg'urlarni deportatsiya qilmang

  • Amerika Ovozi

Tailanddagi muhojirlar markazida saqlanayotgan xitoylik uyg'urlar

Tailanddagi muhojirlar markazida saqlanayotgan xitoylik uyg'urlar

Tailandda 200 dan ziyod xitoylik uyg’ur qo’lga olingani ma’lum bo’lgach, xalqaro huquq tashkilotlari rasmiy Bangkokni ularni Xitoyga deportatsiya qilmaslikka chaqirmoqda.

Xususan, AQShda joylashgan “Human Rights Watch” tashkiloti, agar ular Xitoyga qaytarilsa, hukumat qo’lida qiynoqlarga solinishi mumkin, deya xavotir bildirgan.

Uyg’ur qochqinlarining o’z vatanidagi etnik ziddiyatlardan qochib, Tailand orqali Malayziyaga o’tish niyatida bo’lgani taxmin qilinmoqda.

Xitoyning Shinjon viloyatida yashovchi uyg’urlar markaziy hukumat tomonidan siyosiy, diniy va madaniy huquqlari buzilayotganidan shikoyat qilib keladi. “Human Rights Watch”ga ko'ra, agar Xitoydan qochib chiqqan uyg’ular vataniga majburan qaytariladigan bo’lsa, ular hayotiga jiddiy xavf tug’ilishi mumkin.

Tailand politsiyasi bergan xabarga ko’ra, 12-mart kuni Songkla viloyatining Ratapum tumanida 213 nafar uyg’urning rezina plantatsiyasida yashirgani aniqlangan. Ularning 80 nafari yosh bola ekani ma’lum. Politsiya ularni muhojirlarni saqlash markaziga olib kelgan. Tailand hukumati muhojirlarni deportatsiya qilish masalasida Xitoy rasmiylari bilan muzokara olib borgani haqida ma’lumotlar bor.

BMTning Qochqinlar bo’yicha komissari vakili Vivian Tanning “Ozod Osiyo” radiosiga aytishicha, BMT agentligi qochqinlar bilan suhbatlashib, ularning qanday gumanitar yordamga muhtojligini aniqlashga harakat qiladi.

Shuningdek, ularga qochqin maqomini berish masalasida Tailand hukumati bilan muloqot olib borilmoqda, deydi Tan.

Tailand politsiyasining yetakchi rasmiylaridan biri general-mayor Tachay Pitanilabatning aytishicha, uyg’ur qochqinlari bilan Turkiya elchixonasi vakillari ham ko’rishgan.

“Biz bir necha narsani tekshirishimiz lozim. Avvalo, ular Tailandga qanday kirgan, qonuniymi yoki noqonuniy? Agar noqonuniy kirgan bo’lsa, ular odam savdosi qurbonlarimi?” – deydi politsiya rasmiysi.

Vashingtonda joylashgan Uyg’ur-Amerika Assotsiatsiyasi ham Tailand hukumatini qochqinlar xavfsizligini ta’minlab, Xitoy hukumatiga topshirmaslikka chaqirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG