Breaking News

AQSh Tailand bilan harbiy aloqalarni cheklashi mumkin


Tailandda "Kobra Gold" harbiy mashg'ulotari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:25 0:00

O'tgan yilning may oyida Tailand harbiylari demokratik yo'l bilan saylangan hukumatni ag'darib, hokimiyatni egallab olgandan beri AQSh bilan aloqalar sovuqlashdi. Vashington bu davlatning armiyasini harbiy holatni bekor qilib, demokratik boshqaruvni tiklashga chaqirmoqda. Shunga qaramay, ikki mamlakat o'rtasida oldindan belgilangan harbiy mashg'ulotlar o'z vaqtida o'tkazilgan.

Osiyo mamlakatlaridan birida dahshatli zilzila ro'y berdi. Xalqaro hamjamiyat o'z fuqarolarini xavfsiz joylarga ko'chirish bilan band.

Bu "Kobra Gold" deya ataluvchi yillik harbiy mashg'ulotlarda ko'rib chiqilayotgan ssenariy. Unda 24 davlatdan 6700 mutaxassis va kuzatuvchilar ishtirok etmoqda.

Mashqlar 30 yildan beri amalga oshiriladi. Ammo bu yil uning amalga oshishi oxirgi paytgacha savol ostida edi.

O'tgan yili Tailandda harbiylar hokimiyatni egallab olgach, AQSh qirollik bilan harbiy aloqalarni cheklashi mumkinligi haqida ma'lum qildi.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tadqiqotchisi Grigoriy Polingning aytishicha, AQSh Tailand harbiylarini "Kobra Gold"dagi ishtirokini qisqartirish bilan ogohlantirdi.

"Tailand Osiyodagi uzoq muddatli eski do'stimiz. Ayni paytda Vashington davlat to'ntarishidan norozi ekanini ma'lum qilmoqda", - deydi u.

Tailand Qirollik harbiy floti admirali Vanapon Gromgou mashqlarning qoldirilmaganidan mamnun ekanini aytadi.

"Ishtirok etgan har bir davlatga rahmat aytamiz. Tajriba almashish va aloqalarni mustahkamlash har bir mamlakat uchun foydali. Haqiqiy harbiy amaliyotlar uchun ham bu o'yinlar ahamiyatli", - deydi u.

Mashg'ulotlardagi AQSh guruhi yetakchisi kapitan Hektor Kontreras ham shunday fikrda.

"Agar haqiqiy amaliyot, gumanitar yordamga ehtiyoj sezilsa, tabiiy ofatlar yuz bersa, mintaqada Tailand, Yaponiya kabi hamkorlarimiz borligini bilamiz. Mahalliy odamlarga yordam berishda ular bizga imkoniyatlarimizni kuchaytirish orqali yordam beradi", - deydi u.

Odamlarni evakuatsiya qilish va ularga tibbiy yordam ko'rsatish bo'yicha o'tkazilgan mashqlar Yaponiya, AQSh va Tailand harbiylariga haqiqiy ofat yuz bergan holatlarda fuqarolarga qanday ko'mak ko'rsatish yo'llarini o'rgatadi.

Tailand harbiy boshqaruv ostida qolar ekan, "Kobra Gold" mashg'ulotlari kelasi yil ham davom etadimi?

"Vashington Tailand harbiylarining qachon ortga chekinishini kutmoqda. 2015-yil oxirigacha yoki 2016-yil boshlarida demokratik saylovlar o'tkazilishini umid qilyapmiz", - deydi tadqiqotchi Poling.

"Kobra Gold" tarafdorlariga ko'ra esa, agar AQSh mashg'ulotlarda qatnashishni to'xtatsa, Tailand Xitoy bilan yaqinlashish yo'lini tutishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG