Meksikada giyohvandlikka qarshi kurash tobora qonli tus olmoqda

  • Amerika Ovozi

Meksikada qoradori savdosi bilan shug’ullanadigan guruhlar va hukumat kuchlari o’rtasidagi to’qnashuvlarda ko’plab odamlar halok bo’lmoqda. Mamlakatda jinoiy guruhlarning qonli xurujlari tez-tez bo’lib turadi. Bu, ayniqsa, Prezident Filip Kalderon to’rt yil burun giyohvandlikka qarshi urush e’lon qilgandan buyon kuchaygan.

Hukumat kurashda AQSh bilan yaqin hamkorlik qilib keladi. Chunki narkotika biznesi va unga bog’liq jinoyatlardan har ikki davlat birdek aziyat chekmoqda.

“Afsuski, bu jinoiy to’dalar qo’lida katta miqdorda mablag’ yig’ilgan, – deydi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Kroli. – Ular har nimani sotib olishlari mumkin. Lekin biz Meksika bilan birgalikda ushbu zo’ravonliklarni to’xtatishga bel bog’laganmiz”.

Vashingtonda Meksika va AQSh mutasaddilari yaqinda ayni shu masala bo’yicha yig’in o’tkazdi. Anjuman “Uchinchi yo’l” markazi tomonidan tashkillashtirildi. Mat Benet markazga rahbarlik qiladi.

“Bu faqat Meksikaning muammosi emas, – deydi Benet. – Chunki qurol va pul AQShdan oqib kelyapti va bu narkotiklarning shimolga qarab tarqalishiga sabab bo’lyapti”.

Kongressmen Xenri Kullerning aytishicha, chegarani mustahkamlashning o’zi muammoni hal qilmaydi. AQSh Meksikaga huquq-tartibot va adliya tizimini rivojlantirishda yordam berishi kerak. Jinoyatchilarni ushlash qiyin kechmoqda.

“Muammoga AQSh va Meksika birgalikda mas’ul, – deydi kongresmen. – Buni Meksikaning o’ziga tashlab qo’ymaymiz”.

Uning aytishicha, tutilganlarning atigi ikki foizi jazoga tortilyapti, xolos.

AQShning Meksika bian chegara hududlarida nazorat kuchaytirilgan.

“Men Meksikadagi jinoyatchilarni yana bir bor ogohlantiraman. Agar Amerikaga Marikopadan kiradigan bo’lsangiz, sizlarni to’xtatishga yetarli darajada kuchimiz bor”, – deydi Arizonaning Marikopa tumani politsiyasi rahbari Jo Arpayo.

U o’tgan hafta noqonuniy immigrantlarga qarshi o’tkazilgan reydga to’la qurollangan holda chiqdi. Narkobiznes bilan shug’ullanuvchi jinoyatchilardan himoyalanish uchun bu zarur, deydi u.

Meksikaning AQShdagi elchisi Arturo Saruxanning aytishicha, narkobiznesni aynan Amerikadan sotib olingan qurollar avj oldirmoqda. Shu sabab ham AQSh yordam berishi kerak, deydi u.

“Bizda qurol-yarog’ bo’yicha qonunlar qattiq, – deydi Saruxan. – Do’konga kirib Amerikadagi kabi istalgan qurolingizni sotib ololmaysiz”.

AQSh yaqinda Meksika chegarasiga 1200 nafar harbiyni safarbar etdi. Ular chegarani noqonuniy kesib o’tuvchi va giyohvand moddalar tashuvchi jinoyatchilarni ushlashda yordam beradi.

Meksikada 2006-yildan beri qoradori savdogarlari bilan bog’liq jinoyatlarda 25 000 ga yaqin odam o’ldirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG