Tahlil markazlari - AQSh hukumati va xalqi tayanadigan strategik maskanlar

  • Amerika Ovozi

AQSh poytaxti Vashingtonni tadqiqot va tahlil markazi desa bo’ladi. Siyosat, iqtisodiyot, mudofaa, iqlim, ijtimoiy masalalar - istalgan sohada ilmiy izlanish olib borayotgan, o’z xulosalarini keng jamoatchilik, hukumat arboblari va qonunchilar bilan bo’lishayotgan tashkilot va institutlarni topasiz bu yerda. Qisqacha ta’riflaganda – ilm-zakovat o’choqlari.

Vashingtondek yirik siyosiy markazda hamma o’z fikr-qarashiga ega. Shaharda taxminan 350 tadqiqot institutlari joylashgan. Ular jamiyat taraqqiyotiga doir har bir jarayonni ipidan ignasigacha o’rganadi, ilmiy tekshiruvdan o’tkazadi.

Vashingtonni ularsiz tasavvur qilish qiyin. Tahlil dargohlari o’z sohasini mukammal bilgan mutaxassis-ekspertlarga ega. Maslahat-konsultatsiya kerak desangiz, labbay deydi.

AQShdagi ana shunday ilk tashkilotlardan biri va eng salobatlisi - RAND korporatsiyasidir. Faoliyat qamrovi juda keng va hozirda global miqyosda ish yuritadi.

RAND korporatsiyasi 1940-yillarda tuzilgan bo’lib, boshida faqat harbiy loyihalar uchun qo’llangan. Keyinchalik mustaqil, no-tijoriy tashkilot sifatida nom qozondi.

“RAND Ikkinchi Jahon urushi yakunida oddiy bir loyiha sifatida ish boshlaganida, muddao shu bo’lgan - teran bilim va o’tkir zehn sohiblarini bir joyga jamlab, real muammolarga real yechimlar topish. Dunyo ishlarini chuqur va xolisona tahlil qilish orqali”, - deydi korporatsiya so’zlovchisi Jeffri Xaydey.

“Hozirda biz qo’l urmagan sohaning o’zi yo’q – ta’lim, mudofaa, xalqaro siyosat, mehnat bozori, energetika, razvedka, aholishunoslik, terrorizmga qarshi kurash…”, deydi AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sobiq elchisi Jon Bolton. U hozir Vashingtonda, Amerika Biznes Instituti nomli konservativ tashkilotda ishlaydi.

“Tashqi siyosat, mudofaa, sog’liqni saqlash, mikro-iqtisodiyot bo’yicha ekspertlarimiz bor”, - deydi Bolton.

“Xohlagan bir yo’nalishni oling, Amerika Biznes Institutida shu yo’nalishda ishlayotgan mutaxassislar bor. Izlanish natijalarini Kongress a’zolari, rahbarlar, qolaversa, biznes-korporatsiyalar, kasaba uyushmalari, sharhlovchilar bilan bo’lishamiz”.

Vashingtondagi boshqa ko’plab tahlil markazlarini ham xuddi shunday ta’riflash mumkin. Biroq ayrimlari muayyan masala yoki region bo’yicha izlanadi, deylik Yaqin Sharq, immigratsiya yoki narkotiklarga qarshi kurash.

Muhim bir jihati - ular mavzularni o’z siyosiy qarashlaridan kelib chiqib, tahlil qiladi.

Dunyoning boshqa davlatlarida ham o’xshash maskanlar faoliyat yuritsa-da, aynan Amerikada ularning obro’-nufuzi balandroq va yaxshi moliyalangan, deydi tahlilchi Mark Rom. Buning o’ziga xos sabablari bor.

“Aholi munosabatini o'rganish, sotsiologik tadqiqotlar, jamiyatshunoslik bobida AQSh yetakchi davlatlardan. Xususiy sektorga, korporatsiyalarga tadqiqot institutlarini moliyalashga yo’l berilgan. Mablag’ turli manbalardan keladi”, - deydi tahlilchi.

“AQSh konstitutsiyasi sizga hukumatni tanqid qilish, uning qarorlariga ta’sir o’tkazish huquqini beradi. Shunday ekan, tadqiqotchi-olimlardan “mana bunday qilsak, jamiyat uchun yaxshiroq bo’ladi” degan taklif-tavsiyalarni ko’p eshitamiz”.

Bahs-munozara har bir demokratik jamiyatda bor narsa. Tahlil institutlari odatda o’z mafkuraviy qarashlariga ega va buni ochiq tan oladi. Biroq ilmiy xulosalarini sizga albatta isbotlab beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG