Uchinchi partiyalardan nomzodlar teng imkoniyat istaydi

  • Amerika Ovozi

Jill Stayn, Yashillar partiyasidan prezidentlikka ehtimoliy nomzod

Jill Stayn, Yashillar partiyasidan prezidentlikka ehtimoliy nomzod

AQShda prezidentlik uchun saylov kampaniyasiga yana bir nomzod-ayol qo'shilishi mumkin. Xillari Klintondan tashqari noyabr oyida Oq uydagi kursi uchun Yashillar partiyasidan Jill Stayn ham kurashishi kutilmoqda.

Partiya o'tgan saylovlarda ham qatnashgan Staynni hali rasman nomzod etib tasdiqlagani yo'q. Kuzatuvchilarga ko'ra, Staynning saylov dasturi demokratlardan nomzod Berni Sandersnikiga o'xshab ketadi. U ham minimal ish haqini oshirish, saylov kampaniyasini moliyalash tartibini isloh qilish, iqlim o'zgarishi bilan jiddiy shug'ullanishni taklif etadi.

"Amerika xalqi buzuq iqtisodiyot va bunday iqtisodiyotni yaratgan buzuq siyosiy sistemadan charchagan. Demokratik va Respublikachilar partiyalarining asosiy nomzodlariga saylovchilarda bu qadar ishonchsizlik va sovuq munosabat bo'lmagan hali", - dedi Stayn 15-iyun kunidagi chiqishida.

Stayn Libertarian partiyadan prezidentlikka nomzod sifatida ko'rsatilgan Geri Jonson kabi uchinchi partiya vakili bo'lib, AQSh siyosatida 1868-yildan beri hukmronlik qilib kelayotgan ikki asosiy kuch - Demokratik va Respublikachilar partiyalari bilan bas kela olmasligi aniq.

Biroq uchinchi partiyalar odatda saylov kuni asosiy partiyalardan ovozlarni olib qo'yish kuchiga ega.

Stayn va Jonson sentabr oyida asosiy nomzodlar o'rtasida boshlanadigan televizion debatlarda qatnashishni istaydi. Maxsus komissiya belgilagan qoidaga ko'ra, mamlakat bo'ylab o'tkazilgan besh so'rovda kamida 15 foiz ovoz to'plagan hamda saylovda g'alaba qozonish ehtimoli mavjudligini ta'minlash uchun yetarlicha shtatlarda saylov qog'oziga ismini tushira olgan nomzodgina milliy teledebatlarda qatnashishi mumkin.

Jonsonning aytishicha, bunday tizim demokrat va respublikachilarning hokimiyatda saqlanishini ta'minlash maqsadida o'ylab topilgan. Stayn esa debatlarni soxta deb atadi.

"Biz debatlarni kengaytirish va ochiqroq qilish uchun kurashyapmiz, toki Amerika xalqida tanlash imkoniyati ko'proq bo'lsin. Barcha nomzodlarni saylovlarda yutish uchun yetarli miqdordagi byulletenlarga kiritishga da'vat etyapmiz", - dedi yashillar yetakchisi.

Har bir shtatda nomzodni saylov qog'oziga tushirish qoidasi turlicha bo'lib, ko'p joylarda muayyan kunga qadar ma'lum miqdorda imzo to'plash zarur.

Yashillar partiyasi 20 shtatda, Libertarian partiya esa 32 shtatda prezidentlikka nomzodini byulletenga kiritish huquqini qo'lga kiritganini aytadi.

Ijtimoiy fikrni o'rganuvchi tashkilotlar saylovchilarning kimga ovoz bermoqchi ekanini o'rganish maqsadida o'z so'rovnomalariga Klinton va Trampdan tashqari, Stayn va Jonsonni ham kirita boshlagan.

Eng so'nggi so'rovlar natijalariga ko'ra, saylovchilarning 6-9 foizi Jonsonga, 5 foizi esa Staynga ovoz berishini bildirgan. Klinton, Tramp va Jonson nomlari tushirilgan so'rovlarda esa Libertarian partiya vakili 12 foizgacha ovoz olgan.

CNN televizion tarmog'i Jonson va uning saylovdagi sherigi hamda vitse-prezidentlikka nomzod Bill Veld ishtirokidagi saylovchilar bilan uchrashuvni kelasi hafta efirga uzatishini ma'lum qildi. Yirik ommaviy axborot vositalari oldingi saylovlarda uchinchi partiya vakillariga yetarlicha e'tibor bermagan edi.

Demokratlar partiyasi tarafdorlari orasida eng ko'p ovoz to'plagan Klinton iyul oyida partiyaning Filadelfiya shahridagi syezdida yagona nomzod sifatida rasman e'lon qilinishi kutilmoqda. Shunday bo'lgan taqdirda, uning raqibi Berni Sanders poygadan chiqib, uning tarafdorlari Staynga ovoz berishi mumkin.

Ayni damda Klinton Sanders tarafdorlarini o'z tomoniga og'dirishga harakat qilyapti. Ammo Stayn nazarida, bu Sanders boshlagan harakatning batamom yo'q bo'lishiga olib keladi. Yashillardan nomzod o'tgan hafta Sandersga saylovlarda uning platformasida qatnashishni taklif etdi.

2012-yil saylovlarida Jonson uchinchi, Stayn to'rtinchi o'rinlarni olib, ularga jami salkam ikki million odam ovoz bergan edi. Bu gal ular natijasini yaxshilashga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG