Tyananmen faoli Xitoyda yana qon to’kilishidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Bundan 25 yil avval Pekinda qonli fojia yuz bergan edi. 1989-yil 4-iyun kuni Xitoy poytaxtidagi Tyananmen maydoniga chiqqan yuzlab odamlar nobud bo’ldi. Dunyoning turli burchaklarida o’sha mudhish kunlar yodga olinmoqda.

Namoyishchilar yetakchisi, 46 yoshli O’rkash Davlat hozir Taybeyda yashaydi. Pekinda, uyg’urlar oilasida tug’ilgan. Tyananmen hodisalaridan beri Xitoyda jiddiy o’zgarish kuzatilmadi, deydi u. Korrupsiya kabi muammolar tobora chuqur ildiz otar ekan, aholi orasida norozilik kuchaymoqda, yana qon to’kilishi mumkin, deya ogohlantiradi “Amerika Ovozi”ga intervyu bergan faol.

Savol: Xitoyda shu davr ichida nimalar o’zgardi, nimalar esa o’sha-o’shaligicha qolmoqda?

Javob: Xitoyga bir qarang-a. Ko’plar bundan 25 yil avvalgi mamlakat bilan hozirgi mamlakat orasida jiddiy farq bor, deydi. Bu muddat ichida ko’pgina rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiy jihatdan ham, ijtimoiy-siyosiy sohada ham keskin o’zgargan bo’lishi mumkin. Ammo Xitoyda hech narsa o’zgarmaganini payqaysiz. Xitoyda hanuz totalitar tizim saqlanib qolmoqda. Bunga misol: menga vatanimga borish ruhsat etilganicha yo’q. 1989-yilgi xunrezlikni amalga oshirganlar hozirgi hukumatda mansablarga ega, hech kim javobgarlikka tortilmadi. Erkin fikrlovchilar hamon ta’qib qilinadi, hukumatning bunday odamlarga bosim o’tkazish uslubarigina o’zgargan xolos. Ayrim tashqi o’zgarishlar yuz bergan bolishi mumkin, masalan politsiya formasi hozir boshqacha, ammo tuzum o’zagi o’sha-o’sha. Bu totalitar tuzum. Politsiya davlati. So’z erkinligi yo’q bu davlatda.

Eng muhimi shundaki, 25 yil o’tdi. Bu juda uzoq muddat. Ko’p narsalar o’zgarishi mumkin edi. Ammo o’zgarmadi. Men shuncha yildan beri surgunda yashayapman. Chorak asr-a! 1989-yilda kommunistlarning totalitar tuzumiga qarshi faoliyat boshlagan edik. Yana 25 yil kutolmaymiz, axir!

S: Qanday sabablarga ko’ra Xitoy shuncha vaqt ichida o’zgarmay turdi?

J: Den Syaopin Xitoyni kapitalist tizimga o’girdi. Bu biz 1989-yilda bildirgan talablarimizdan biri edi. Men buni Xitoy hukumati xalq bilan tuzgan shartnoma deb atayman. Xalqqa iqtisodiy erkinlik va’da qilinib, evaziga siyosiy hamkorlik talab qilingan. Bu yomon kelishuv bo’lsa-da, samara berdi. Lekin bu yana qancha davom etadi? Mana shu asosiy masala. Xitoy hukumati 1992-yilda erishilgan kelishuv muddati bitayotganini yaxshi tushunadi. Uning o’rnini bosadigan yangi g’oya kerak.

S: Xalq bu shartnoma eskirdi, deb hisoblashini qayerdan bilasiz?

J: Jamiyatning turli sektorlari portlash arafasida. Kommunistlar partiyasi tizim parchalanib ketishi xavfi borligini yaxshi tushunadi, deb o’ylayman. Buning ro’y bermalsigi uchun turli choralar ko’rilmoqda, masalan korrupsiyaga qarshi kampaniya. Ammo Xitoyda korrupsiya sistematik tus olgan. Kommunistlar partiyasi Xitoyni qonuniy ravishda o’marish imkonini beradigan tizim yaratdi. Korrupsiyaga qarshi gaplar zaharlangan daraxtning ayrim shoxlarini kesishga o’xshaydi. Uni tag-tugi bilan yo’q qilish istagi esa yo’q.

S: Norozilikdan samarali choralarga o’tish uchun nima qilish kerak?

J: Korrupsiyaga chek qo’yishning iloji yo’q. Ba’zida bir yilning ichida norozilikka sabab bo’ladigan yuzlab ming voqea qayd etiladi. Buni ijtimoiy norozilik deb atashadi. Keyingisi nima bo’ladi? Bilmayman. Ikki yil avval Shanxayda katta yong’inda ko’pgina odam nobud bo’ldi. Oqibatda odamlar ko’chalarga chiqdi.

Kommunistlar partiyasi ijtimoy o’zgarishni nazorat qilmoqchi. Hatto shunday tashabbus bilan chiqmoqda. 1979-yilda Den Syaopin shunday qilgan, islohotlarni boshlagan. Oqibatda kommunistlar yana 35 yil hokimiyatda turdi. Jamiyatni inqilobgacha olib bormay o’zgartirishga ularning aqli yetardi, deb umid qilaman.

S: Sizga o’xshab surgunda yashayotgan odamlar uchun yagona g’oya, fikr bormi?

J: Xitoyga qaytish. 1989-yilda Tyananmen sababli biz kuchga ega edik. Agar o’shandek faol bo’la olsak, katta rol o’ynay olamiz. Biz demokratiyaga ishonadigan odamlarmiz. Biz bu g’oya deb hamma narsadan kechishga tayyormiz.

S: Hamma narsadan? Keyingi qadamlaringiz qanday?

J: Erkinlikdan. Hech kim quvg’inlikda yashashni istamaydi. Bu doim ruhan qiynalish degani. Surgunga chek qo’yish istagi juda kuchli. Men ham buni tugatsam, vatanimga qaytib ota-onamni ko’rsam deyman.

1989-yilda biz hukumat bilan muloqot qilish kerak, deganmiz. Hozir ham shunday deymiz. Muzokaralarga tayyormiz. Siyosatni o’zgartirishda biz ham rol o’ynamoqchimiz. 25 yil avval talab qilganimiz muloqot boshlanishi uchun qo’limdan kelganicha harakat qilishda davom etaman, hatto bunday muzokara sud zalida olib borilsa-da. Ayblar qo’yilib, jazo belgilansa ham, 25 yil avval boshlaganimiz ishni yakunlashni istayman.

S: Shinjondagi voqealardan xabardormisiz?

J: Vatanimdagi vaziyat juda mudhish. Terrorchilar begunoh odamlarni o’ldiryapti. Ammo aslida buning ortida yo’q qilinish arafasida turgan millatning so’nggi urinishi, umidsizligi borligini odamlar tushunadi, degan umiddaman.

O’z joniga qasd qilish hollari ko’paygan. Uyg’urlar shunday qilmoqda. O’z hayoti bilan boshqa bir nechta xitoylik hayotini olib ketishga urinmoqda. Bu juda tashvishlanarli hol. Va yana davom etishi mumkin.

Xitoyliklar chegarani qattiq nazorat qiladi. Uyg’urlarning mamlakatni tark etishiga yo’l qo’ymoqchi emas. Va boshqa mamlakatlar uchun uyg’urlarni qochqin sifatida qabul qilish oson bo’lmaydi.



Tyananmen fojeasining 25 yilligi munosabati bilan AQSh poytaxtida tadbir o'tkazildi. Shundan fotolavha mana bu yerda:
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG