Tiananmen fojeasining 25 yilligi xotirlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoyning Tiananmen maydonida demokratiya tarafdorlari namoyishining kuch bilan bostirilganiga 25 yil to’lmoqda. Hukumat shu paytgacha 1989-yil voqealarining jamoatchilik orasida tilga olinishini istamaydi. O’shanda ko’plab namoyishchilar poytaxt Pekin va boshqa shaharlarda hukumatga qarshi bosh ko’targan, xavfsizlik kuchlari esa ularning chiqishini qon bilan bostirgan edi.
1989-yilning bahorida o’zgarish istab Tiananmen maydoniga chiqqan talabalar harakati ko’p o’tmay butun mamlakatga yoyildi.

Sobiq talaba va sportchi Fan Jen ham o’sha paytda katta umid bilan namoyishchilar safiga qo’shilgan edi.

“80-yillarda barcha universitet talabalari bir xil tushunchaga, ideal qarashlarga ega edi. Shuningdek, bizda mamlakat taqdiriga nisbatan kuchli ijtimoiy mas’uliyat hissi bor edi”, - deydi u.

4-iyun kuni Fan Jen va mamlakat aholisining umidlari puchga chiqdi. O’limiga bir bahya qolgan o’sha mash’um kunda Jenning har ikki oyo’gini tank bosib ketdi.

“Hukumat namoyishni bostirishda va o’z hukmronligini mustahkamlashda qon, tazyiq va quroldan foydalandi. Bu esa Xitoyni islohotga olib boruvchi yo’ldan yanada uzoqlashtirdi. Korrupsiya hozir 25 yil oldingidan ham yomon. Rasmiylarning maxsus vakolat va imtiyozlari yanada kengaygan”, - deydi Jen.

Namoyishchilar hukumatga yettita asosiy talab qo’ygan edi. Ular rasmiylar va ularning oila a’zolari daromadlari to’g’risida ma’lumot olish, Pekinda erkin namoyish qilish huquqini qo’lga kiritish kabilardan iborat edi.

Oradan chorak asr o’tib ham bu ikki talab hanuz bajarilgani yo’q.

Xitoy yetakchilari korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borilayotganini ta’kidlaydi, ammo rasmiylarning mol-mulki haqida ommaga oshkora ma’lumot berish haqidagi talablar qattiq qarshilikka uchraydi.

Prezident Si Zinpin qator islohotlarni o’tkazganiga qaramay, aholining asosiy orzu-istaklari hanuz inobatga olinmayapti, deydi gonkonglik jurnalist Chin Chon.

“Odamlar nimani xohlaydi? Aholi hokimiyatning bir qo’lda mujassam bo’lishini istamaydi, yuqorida nazorat va muvozanat bo’lsin, deydi. Konstitutsion huquqlarga ega bo’lishni xohlaydi”, - deydi jurnalist.

Xitoy konstitutsiyasiga ko’ra, fuqarolarga namoyish qilish yoki uyushish huquqi berilgan, agar bu kabi faoliyat davlat manfaatlariga putur yetkazmasa.

Talabalar va ishchilar 1989-yil Tiananmen maydoniga yig’ilganda hukumat bilan muloqot o’rnatishni istagan edi, deydi Kolumbiya universiteti tadqiqotchisi Endryu Neyten.

“1989-yilda hukumat, amaldagi partiya odamlar ustidan o’z hukmini chiqardi. Odamlar talablariga quloq solishni istamadi”, - deydi u.

Xitoy hukumatining bildirishicha, 1989-yilda davlatga qarshi qo’zg’olon yuz bergan. Hukumatning bu rasmiy qarashi qachon o’zgarishi ma’lum emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG