Xitoyda tibetlik rohib siyosatdan to’yib o’ziga o’t qo’ydi

  • Amerika Ovozi

Tibet

Tibet

Xitoyda kecha tibetlik yosh rohib hukumatning zolim siyosatidan, diniy va madaniy qadriyatlari bo’g’ilayotganidan to’yganini aytib o’ziga o’t qo’ygan.

Bu usul etnik guruh orasida keng tarqala boshlagan, deydi faollar.

19 yoshli Lobsan Gyatso Xitoyning asosan tibetliklar yashovchi Sichuan viloyatida tug’ilib katta bo’lgan.

Kuni kecha shu atrofda yana ikki o’smir, o’tgan yildan beri jami 23 tibetlik o’z joniga qasd qilgan edi.

Rasmiy Pekin buni terrorizmga bog’lab, Tibet diniy rahnamosi Dalay Lamani shu kabi amaliyotlarni qo’llab-quvvatlaganlikda ayblaydi.

Xitoy g’arbidagi tog’li Tibet mintaqasi 1950-yildan beri rasmiy Pekin nazorati ostida.

Britaniyada asoslangan "Ozod Tibet" (Free Tibet) inson huquqlari tashkilotining bildirishicha, Sichuan viloyatining shu paytgacha osuda bo'lgan Jekundo shahrida shanba kuni 200 odam namoyishga chiqqan.

Tashkilot rasmiysi Stefani Brigden (Stephanie Brigden) so'zlariga ko'ra, u yer-bu yerdagi kichik yig'inlar fuqaroni ruhlantirib, tibetlilar orasida qo'rquv hissi yo'qolib borayapti.

G'alayonda qatnashish jazoga yetaklashini bilsa-da, bu elat haqqini talab qilish uchun o'zida jasorat topayapti, deydi Brigden.

Xitoy namoyishchilar, rohiblarga terrorchi tamg'asini bosmoqda

Xitoy namoyishchilar, rohiblarga terrorchi tamg'asini bosmoqda

Bunga javoban rasmiy Pekin qo'shimcha askar jo'natib, ayrim notinch shaharlarda aloqa vositalarini uzgan. Chet el matbuoti vakillari mintaqaga kiritilmagani bois vaziyatni xolis baholash qiyin.

Oy boshida Sichuanning Draggo shahrida namoyishda qatnashayotgan tibetlikni armiya otib o'ldirgan edi.

"Ozod Tibet" talqinicha, mintaqada erkinlikni kuylovchi varaqalarni tarqatganlik aybi bilan bir necha tibetlik qamalgach, g'azab hissi fuqaroni isyon ko'tarishga, ko'chalarga chiqishga majbur qildi.

Xitoy hukumati shu zahoti xorijdagi tashkilotlarni mamlakatda nafratni avj oldirayotganlikda aybladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG