Breaking News

Tillerson: Diqqatimiz Koreya yarimorolidagi tanglikda


AQSh va Xitoy tashqi ishlar vazirlari
AQSh va Xitoy tashqi ishlar vazirlari

Bu hafta Osiyo bo'ylab safar qilgan AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson fikricha Shimoliy Koreya quyushqonidan chiqib, butun mintaqaga tahdid solmoqda. Yadroviy qurollar va raketalar bilan o'ynashish Pxenyanni yaxhilikka yetaklamaydi, deydi Tillerson Pekinda Xitoy rahbarlari bilan uchrashar ekan.

Tashqi ishlar vaziri Vong Yi bilan muloqot ketidan Tillerson jumladan shunday dedi:

“Koreya yarimorolida vaziyat tang ekani yuzasidan hamfikrmiz. Shimoliy Koreyani to'g'ri yo'lga boshlash uchun birga harakat qilamiz. Bu davlatni yadroviy qurollarga berilmaslikdan saqlash kerak".

Tillerson bugun Xitoy prezidenti Shi Zinpin bilan ham uchrashgan. Savdo va Janubiy Xitoy dengizi atrofidagi mashmashalarni muhokama qilgan.

Pekin bu dengizda asosan o'zini xo'jayin deb biladi. Boshqa mamlakatlarni bosim ostida saqlaydi. Vashington shu paytgacha ularni himoya qilib keladi. Tramp ma'muriyati bu borada qanday pozitsiyada ekani mavhum. Janubiy Xitoy dengizi bilan tutashgan davlatlar AQSh ularning tarafini olishda davom etadi, degan umidda. Baliqchilik va dengiz bilan bog'liq iqtisodiy jabhalar ular uchun nihoyatda muhim. Amerika bu dengizdagi xalqaro savdo yo'llarining qo'riqchisi hisoblanadi va bu rolni saqlab qolish uning strategik maqsadidir.

Tillerson deydiki, Vashington va Pekin jahonning eng yirik ikki biznes hamkori sifatida birga ishlashdan to'xtamaydi. Maqsad faqat ezgu, deydi u.

Tramp ma'muriyati Shimoliy Koreyani Xitoy yo'lga sola oladi deya ishonadi. O'zboshimcha va yopiq Pxenyan Pekin nima desa ko'nishi mumkin, deydu Tramp.

Seulda ham bo'lgan Tillerson Pxenyanga nisbatan strategik sabr tugab bormoqda, xalqaro qonunlarni buzaversa, uni jazolash kerak bo'ladi, dedi. Qurollanishda davom etsa, xalqaro hamjamiyat qo'l qovushtirib o'tirmasligi lozim, deydi u.

Janubiy Koreya uning bu so'zlarini olqishladi. Yaponiyaga ham safar qilgan Tillerson nazarida o'tgan 20 yildan beri Shimoliy Koreyaning xavfli harakatlarini tinch tarzda kuzatib, u bilan diplomatik til topishishga urinish samara bermadi. Yangicha yo'l tutish payti yetdi, deydi u. Lekin u qanday yo'l bo'ladi, hozircha noma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG