Kambag’al mamlakatlarda sigaretalar reklamasi kuchaygan

  • Amerika Ovozi

Boy mamlakatlarda kashandalar kamayar ekan, tamaki kompaniyalari daromaddan quruq qolmaslik uchun e’tiborni rivojlanayotgan o’lkalarga qaratmoqda. Yaqinda o’tkazilgan tadqiqotga ko’ra, kambag’al mamlakatlarda sigaretalar kuchli va agressiv tarzda reklama qilinmoqda.

Tadqiqot doirasida 2005-yildan buyon berib kelinayotgan reklamalar tahlil qilingan. Bundan 10 yil oldin Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tamaki nazoratiga oid konvensiyasi kuchga kirgan edi. Uni imzolagan va ratifikatsiya qilgan 180 mamlakat aholi salomatligini muhofaza qilish uchun tamaki mahsulotlari iste’moli va ularning reklamasini qattiq nazorat qilishi kerak.

Izlanish xulosasiga ko'ra, kam daromadli davlatlarda tamaki reklamasi cheklanmas ekan, aholi salomatligiga jiddiy putur yetishi shubhasiz.

Britaniyaning Bat universiteti professori Anna Gilmor hisobot mualliflaridan.

"Rivojlanish darajasi turlicha bo’lgan 16 mamlakatning 462 shahrida tamaki kompaniyalari olib borayotgan marketingni o'rganib chiqdik", - deydi u.

“Bu mahallalarda odam bir kilometr yo’l yursa, nechta reklamaga ko’zi tushadi? Tamaki sotadigan nechta do'kon bor? Ular sigaretalarni donalab sotadimi? Bu muhim masala, chunki konvensiyada bu taqiqlangan. Sigaretlarni donalab sotish yoshlarni tamakiga o'rgatishning eng samarali yo'llaridan biri. Butun pachkani sotib olishga qurbi yetmagan odam donalab sotib oladi", - deya tushuntiradi olima.

Kattalardan esa “so'nggi olti oyda tamaki reklamasini necha marta ko'rdingiz, eshitdingiz yoki o'qidingiz”, deb so’raldi.

"Mahsulotni sotish uchun kompaniyalar qo’llayotgan 13 xil reklamaga baho berdik. Plakatlar, televideniye, radio, gazeta va jurnallar, kinoteatrlarda va internetdagi reklamalar va hokazo".

Rivojlanayotgan o’lkalarda tamaki reklamasi ancha ko'p uchraydi.

"Kam daromadli joylarda reklama hajmi rivojlangan mamlakatlarga qaraganda 81 baravar ko'proq. Aholi bilan suhbatlarda ham bu ayon bo’ldi. Radioda bunday e’lonlarni 46 baravar ko'proq eshitasiz, plakatlar soni 11 baravar ko'proq, televideniyeda esa 9 baravar ko'proq”, - deydi Gilmor.

O'smirlar qancha ko'p reklama ko'rsa yoki eshitsa ularning voyaga yetganidan keyin sigaret chekishi ehtimoli shuncha yuqori bo'ladi.

"Sud orqali qo’lga kiritilgan hujjatlardan ma'lumki, tamaki ishlab chiqaradigan kompaniyalar bolalar uchun ham reklama ishlab chiqaradi. Maqsad yoshligidan chekishga qiziqtirish”, - deydi professor.

Mavjud qonunlarni tatbiq etish qiyin, chunki tamaki sanoati katta moliyaviy resurslarga ega. Qonun loyihalarini izdan chiqarish uchun pora berilgan hollar ham uchrab turadi.

Saraton, yurak-qon tomir kasalliklari ko’pincha kashandalik bilan bog’liq. Hisoblarga ko’ra, 2020-yilga borib, bu kasalliklar qariyb 8,5 million odamni hayotdan olib ketadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG