Xitoy sudi Ilhom To'xtini umrbod qamoq jazosiga mahkum etdi

  • Amerika Ovozi

Pekindagi Millatlar universitetining iqtisodiyot bo'yicha sobiq professori Ilhom To'xti

Pekindagi Millatlar universitetining iqtisodiyot bo'yicha sobiq professori Ilhom To'xti

Xitoy sudi pekinlik uyg’ur professori Ilhom To’xtini separatizmda aybdor topib, umrbod qamoq jazosiga mahkum etgan.

Universitetda iqtisodiyotdan dars bergan olim Xitoy hukumatini Shinjonda uyg’urlarga qarshi zug’umlarda ayblagani uchun Pekindagi Millatlar universitetining iqtisodiyot bo'yicha sobiq professori Ilhom To'xti qamalgan, deydi huquq himoyachilari.

Sud ikki kun davom etgan, xolos. Qoralovchilar ta’biricha, To’xti o’lkada separatizmni targ’ib qilib, o’z leksiyalari, maqolalari, xorijiy matbuotga bergan intervyularida zo’ravonlikka da’vat etgan.

U o’z talabalariga separatizm g’oyalarini singdirgan, o’z jinoiy guruhiga yosh uyg’ur talabalarni yollamoqchi bo’lgan, deydi prokurorlar.

Mahalliy matbuotda yozilishicha, 44 yashar To’xti Shinjondagi etnik to’qnashuvlar sabablarini buzib ko’rsatishga harakat qilgan.

Olim ayblovlarni inkor etmoqda. Men jamiyatdagi adolatsizliklarga ishora qilib, odamlarni muloqotga chorlamoqchi bo’ldim, deydi u.

To’xtining advokati Li Fanpin hukmni adolatsiz deb, apellyatsiya qilishini aytdi. Ishga siyosiy tus berilgan, deydi u.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari sud hukmini qoralab, To’xtining separatizmga aloqasi yo’qligini bildirmoqda.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining Gonkongdagi xodimi Uilyam Nining aytishicha, To’xtining ishi uyg’ur ziyolilariga o’ziga xos darsdir.

"Agar Kommunistik partiya siyosatidan o’zgacha siyosatni qo’llab-quvvatlasangiz, holingiz shu bo’ladi, degan ma’noda", - deydi Ni.

Qo'shma Shtatlar hukumati olimning qamalishini Xitoy xalqi uchun fojia deb atab uni ozod etishga chaqirmoqda.

"Ilhom To'xti mamlakat tinchligi, elatlararo hamhijatlik yo'lida behisob hissa qo'shgan va o'z fikrini erkin bildirgani uchun jazolanmasligi kerak",- deyiladi Davlat departamenti chiqargan bayonotda.

Erkin so'z aytish, erkin fikr bildirish fundamental huquqlardir.

"Insonning uzviy huquqlari AQSh konstitutsiyasida ham, Xitoy konstitutsiyasida ham, BMT umumbashariy inson huquqlari deklaratsiyasida ham kafolatlangan. Amerika bu erkinliklar amalda qo'llanishi tarafdori".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG