Tolibon bilan muzokaradan yangi umidlar

  • Ayoz Gul

Tolibon bilan muzokaradan yangi umidlar

Tolibon bilan muzokaradan yangi umidlar

Tolibon harakati Qatarda vakolatxona ochishni mo’ljallar ekan, afg’on hukumati bilan tinchlik muzokaralariga go’yo darcha ochilganday.

Afg’onistondagi uzoq yillik urushni tugatishda bu eng muhim qadam hisoblanadi. Ammo Pokiston va AQSh hukumatlari xulosa qilishga shoshmayapti.

Yangi yil, yangi umidlar… Urush va terrorizm timsoliga aylangan Afg’onistonga vanihoyat yorug’ kunlar kelishiga ishonch paydo bo’lmoqda.

AQSh bu o’lkani bosib olganidan 10 yil o’tib, Tolibon Fors ko’rfazida idora ochish haqida Vashington bilan muloqot qilayotgani va dastlabki kelishuvga erishilgani haqida e’lon qildi. Toliblar, shuningdek, Guantanamo bo’g’ozidagi AQSh turmasida saqlanayotgan safdoshlarini ozod etishni so’ragan.

Tolibon bilan muzokaradan yangi umidlar

Tolibon bilan muzokaradan yangi umidlar

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay bu tashabbuslardan mamnun. “Jangarilar bilan til topishsak, urush tezroq tugaydi”, deydi u.

Pokiston esa hozircha aniq bir narsa degani yo’q. Tinchlik jarayonida ishtirok etayotganini ham tasdiqlamagan. Ammo Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar, “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, siyosiy murosa eng ma’qul yo’l, deya ta’kidladi.

“Barqarorlik Pokiston uchun ustuvor manfaatlardan biri. Afg’oniston tinch bo’lsa, mintaqa osuda bo’lsa, bizga ham yaxshi”, - deydi vazira.

Kobullik tahlilchi Umar Sharifiy nazarida Tolibonning vakolatxona ochish rejasiga hozirdan katta umidlar bog’lashga hali erta. Lekin prezident Karzay bu taklifni yoqlab chiqqani bejiz emas.

“Birinchidan, toliblar bilan gaplashmoqchi bo’lsangiz, endi qayerga murojaat qilishni bilasiz. Afg’onlar uchun eng muhimi - Pokiston o’rtaga tushishiga hojat qolmaydi”, - deydi Sharifiy.

Bugun Pokiston armiyasi Tolibonga aloqador Haqqoniy jangari guruhi bilan sirtdan hamkorlik qilishi sir bo’lmay qolgan. Biroq Pokiston ishtirokisiz Afg’oniston tinchlikka erisha olishi gumon.

Tolibon bilan muzokaradan yangi umidlar

Tolibon bilan muzokaradan yangi umidlar

“Pokiston - minglab afg’on muhojirlari uchun vatan. Tolibon yetakchilari mamlakatga borib-kelib yuradi. Muzokara boshlanib ketsa, Pokistonni albatta jalb qilish kerak bo’ladi”, - deydi Afg’onistonda elchilik qilgan Rustam Shoh Mohmand.

AQSh diplomatlari Tolibon bilan muzokara qachon boshlangani haqida izoh bermaydi. “O’zaro kelishuvga, murosaga yo’q demaymiz” qabilidagi gaplar bilan chekinishadi.

AQShning Islomoboddagi elchisi Kameron Munterning aytishicha, Pokiston bu jarayondan chetda qolib ketayotgani yo’q.

Bu orada, Gulbiddin Hikmatiyor boshchiligidagi jangari guruh vakillari shu hafta Kobulga safar qilib, prezident Hamid Karzay, AQSh qo’mondoni general Jon Allen va elchi Rayan Kroker bilan muloqotda bo’ldi.

Delegatsiyaga Hikmatiyorning kuyovi G’ayrat Bashir boshchilik qilgan.

Tolibon bilan muzokaradan yangi umidlar

Tolibon bilan muzokaradan yangi umidlar

“Amerika Ovozi” ga bergan intervyusida Bashir uchrashuvlar “ochiq, samimiy” ruhda o’tganini aytdi.

“Amerika avvalgidan ko’ra ancha pragmatik, vaziyatga real ko’z bilan qaraydigan bo’lib qolgan. Agar 2014-yilda Afg’onistonni butunlay tark etish va’dalari rost bo’lsa, qolgan mavzularni muzokara orqali hal qilsa bo’ladi”, - deydi G’ayrat Bashir.

AQSh qo’shinlari uch yildan keyin o’lkani tark etdi ham deylik. U yog’i nima bo’ladi? Aksar tahlilchilar ta’biricha, xalqaro hamjamiyat yordamisiz Afg’onistondagi turli elat, qabila va mazhablar orasidagi chuqur ziddiyatlar yuzaga chiqib, mamlakat 1990-yillarda bo’lgani kabi yana bir mojaro girdobiga tortilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG