Toshkentdagi suiqasd va otishmalarda “Jihodchilar” ayblanmoqda


O’zbekistonda noqonuniy diniy guruh tuzishda aybdor topilgan taniqli mustaqil jurnalist Xayrulla Hamidov Toshkentda yopiq tarzda o’tgan sudda 6 yil qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Mahalliy huquq himoyachilari nazarida ekstremizm aybi bilan faollar erkin so’zi va fikri uchun jazolanmoqda.

Bu orada, O’zbekiston televideniyesida diniy ekstremizm tahdidi haqida film namoyish etilgan. “Xunrezlik” deb nomlanuvchi hujjatli film so’nggi paytda mamlakatda kuzatilgan qotilliklar va otishmalar haqida hikoya qiladi.

Filmga ko’ra, bu voqealar ortida mamlakatda faoliyat yuritayotgan “Jihodchilar” guruhi turibdi.

Jurnalist Xayrulla Hamidov ustidan hukm Toshkent viloyat sudida o’qildi. Bu jarayon bilan bog’liq vaziyatni kuzatib borgan huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko’ra, Xayrulla Hamidov va u bilan birga sudlangan bir guruh fuqarolar ayblovni tan olmagan.

“Sudda ularning hammasi aybsizligini, tan olmasligini gapirgan. Jarayonda ham ular aybi o’z tasdig’ini topmagan. Ular faqat yaqin qarindoshlari, tanishlari chaqirgan taqdirda, bu aqiqa bo’ladimi, boshqami, shu maqsadda borib kelishganini aytishgan”, - deydi Surat Ikromov.

Sport sharhlovchisi va diniy mavzulardagi ma’ruzalari bilan tanilgan Xayrulla Hamidov ustidan hukm bir necha bor qoldirilgan edi. Hukm chiqarilishi O’zbekiston televideniyesida diniy guruhlar tomonidan uyushtirilgan qo’poruvchiliklar haqidagi film namoyishi barobarida kuzatilmoqda.

Huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda ishlangan “Xunrezlik” filmi so’nggi paytda mamlakatda kuzatilgan qotilliklar, suiqasd va otishmalar haqida hikoya qiladi.

Filmga ko’ra, O’zbekiston musulmonlar idorasi xodimi Abror Abrorov, Ichki ishlar vazirligi mulozimi Hasan Asadov mazkur guruh vakillari tomonidan o’ldirilgan. Toshkent shahar imom xatibi Anvar qori Tursunovga ham “Jihodchilar” vakillari suiqasd qilgani aytiladi.

Filmda sudlanuvchi sifatida taqdim etilayotgan guruh a’zolari ularga qo’yilgan aybga iqror bo’lishgan.

“Yonimdan pichog’imni chiqarib, uni qorin qismiga 5-6 marta pichoq bilan urdim”, - deydi sudlanuvchilardan biri Anvar qori Tursunovga uyushtirilgan suiqasd haqida.

Filmda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko’ra, noqonuniy diniy guruh a’zolari O’zbekistonda vaziyatni izdan chiqarish uchun keng qamrovli qo’poruvchilik harakatlari rejalagan. Huquq-tartibot organlari tomonidan “Ko’kcha” dahasida o’tkazilgan operatsiya bu qo’poruvchilikni bartaraf etgan.

Huquq himoyachilarining aytishicha, telefilmda keltirilgan dalil-isbotlarga ishonish qiyin. Bu boradagi sudlar yopiq o’tgan, jamoatchilik nimalar bo’layotganidan bexabar.

“Gapirayotgan bolalarga yaxshilab qarasangiz ular obyektivga qaramayapti. Ikkinchidan, bu hammasi tergov izolyatorida olingan. Faraz qiling qiynoq o’tkazilganini. Bular gapirayotgani mutlaqo yolg’on. Huquq-tartibot organlari soni shu darajada ko’pki, ular shu bilan o’zini oqlamoqchi. Bu qotilliklar ular tomonidan qilinganiga ishonmayman. Stalin davrida ham bunaqa siyosat bo’lgan - suiqasd qildi, xalq dushmanini topdik deb qanchasini otib tashlagan. Nega sudga qarindoshlarini, advokatlarini qo’ymaydi, nega berkitib sud qiladi, bu savollarni kimga beramiz ”, - deydi film haqida huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Tahlilchilarga ko’ra O’zbekistonda diniy e’tiqod va siyosiy erkinliklar keskin cheklangan. O’n yillardirki davom etib kelayotgan bu tazyiqlar norozilik to'lqini zo’ravonlikka ko’chish ehtimolini kuchaytirmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG