Florida sohillari oldingidek gavjum emas

  • Amerika Ovozi

Iqtisodiy inqiroz AQShda turizmni ham o’z domiga tortdi. Asosan Yevropa mamlakatlaridan keladigan sayyohlar soni keskin kamaydi. Turizm hisobiga kun ko’radigan shtatlar, tabiiyki, bundan mamnum emas, lekin umidni boy bermayapti.

Florida shtati xorijlik sayyohlarning sevimli makoni. Son-sanoqsiz plyajlar, okean, bahavo go’shalar, qolaversa, Uolt Disney kabi ko’ngilochar parklar yil davomida odamlarni o’ziga jalb qilib keladi.

O’tgan yili Qo’shma Shtatlarga hammasi bo’lib 55 million chet ellik tashrif buyurgan. Shunga qaramay yil turizm sohasi uchun qiyin kechdi. Ayniqsa yevropalik turistlar soni sezilarli darajada pasaydi. Shtat byudjetining 20 foizi turizmga bog’liq ekan, Florida katta zarar ko’rdi.

Orlando shahar sayyohlar markazi vakili deydiki, Floridaga amerikaliklarning o’zi ham kam boradigan bo’lib qolgan. 2009 yil har jihatdan talofat davri bo’ldi, deydi u.

“Shahrimizga boshqa davlatlardan har yili 3 million atrofida odam tashrif buyuradi. Chet ellik sayyohlar iqtisodiyotimizning salmoqli qismi. Chunki ular uzoq muddat turadi va nisbatan ko’proq pul sarflaydi”.

Yoz mavsumi boshlanar ekan, AQSh hukumati bu yilgi sayyohlar soni o’tgan yilga nisbatan ikki baravarga ko’payishini taxmin qilmoqda. Braziliya, Hindiston va Xitoydan turistlar oqimi oshishi kutilmoqda.

Yevropalik sayyohlar soni bu yili ham o’zgarmasligi mumkin deydi mutaxassislar .

Richard Foglesong Florida shtati, Rollins Kollejida turizmdan dars beradi. Uning fikricha inqiroz davom etarkan, sayyohlar ham ko’paymaydi.

“Bu azaliy muammo. Odamlar iqtisodiy jihatdan qiynalsa, kam ko’chaga chiqadi. Turism zarar ko’radi. Odamlar ta’til haqida o’ylamaydi. Ayniqsa, boshqa davlatga borish kamayadi” -,deydi u.

Janubiy afrikalik Rudi van Ruyen va Filipa Smitlar bu yilgi ta’tilni Floridada o’tkazayapti.

Ularning aytishicha, Janubiy Afrika iqtisodi uncha talofat ko’rmagani bois, odamlar safar qila olayapti.

“Qoshma Shtatlar iqtisodi zarar ko’rsa butun dunyoga ta’sir qiladi, albatta. Bizning mamlakatga ham ta’sir qildi lekin bu yerda bo’lgani kabi emas”, - deydi sayyoh.

Bir necha yil oldin Florida kabi shtatlar Yevropadan kelgan turistlar bilan to’lib ketardi. Hozir esa ularni kam uchratasiz. Iqtisod u yerda hamon juda og’ir.

“Buning hayratlanadigan joyi yoq. Iqtisodiy krizisdan qattiq zarba ko’rdik. Shuning ta’siri bo’lsa kerak”.

Mutaxassislar hisobicha bu yili dunyoda iqtisodiy o’sish 4 foizni tashkil qilib, o’tgan yilga qaraganda xorijdan keladigan turistlar soni ko’payishi mumkin. Florida sohillari va ko’ngilochar maskanlar esa ularga har doimgidek shay va muntazir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG