Yangi savdo bitimi kimga zarar, kimga foyda?

  • Amerika Ovozi

Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi 12 davlat erkin savdo bitimi borasida kelishib oldi. Global savdo aylanmasining taxminan 40 foizi shu mamlakatlar hissasiga to’g’ri keladi. AQShning Atlanta shahrida imzolangan kelishuvni endi mahalliy parlamentlar tasdiqlashi kerak.

Besh yildan ortiq davom etgan intensiv muzokaralardan so’ng AQSh va yana 11 davlat o’zaro savdo-sotiqni osonlashtirish, qoidalarni umumlashtirishga kelishib olgan. Prezident Barak Obamaning aytishicha, shartnoma iqtisodiy o’sishga turtki beradi. Mintaqada taraqqiyot va sarmoyaga yo’l ochadi.

“Amerika mahsulotlariga qo’yilgan 18 ming soliq va tariflar bekor qilinsa, boshqa davlatlar bilan raqobat qilish osonroq kechadi”, - deydi u.

Ammo Kongressdagi ko’plab qonunchilar bu gaplarga ishonmaydi. Vermont shtatidan senator, prezidentlikka harakat qilayotgan Berni Sandersga ko’ra, erkin savdo bo’yicha ilgari imzolangan bitimlardan biror naf bo’lgani yo’q.

“Savdo kelishuvlari tarixiga bir nazar tashlang, amerikalik ishchilar uchun fojianing o’zginasi. Yaxshi to’laydigan qancha ish joylarini boy berdik. Kambag’al davlatlarda odamlar soatiga bir necha chaqaga ishlashga tayyor. Bizning ishchilar ular bilan raqobatlashishi adolatdanmi?”, - deydi Sanders.

Ekspertlar deydiki, Trans Tinch okeani hamkorlik kelishuvi ayrim sanoatlarga ziyon, biroq global iqtisodiyot uchun koni foyda.

“Yuqori texnologiya kompaniyalari, kompyuter va yarimo’tkazgichlarni ishlab chiqaruvchi sanoatlar yangi qonun-qoidalardan yutadi. Davlatlar o’rtasida ma’lumot oqimini cheklamaslik, boshqalar bilan bo’lishish to’g’risida bandlar bor”, - deydi tahlilchi Ervard Alden.

Erkin savdo zonasini yaratayotgan 12 mamlakatda dunyo aholisining qariyb yarmi yashaydi, lekin Xitoy bu uyushmaga qo’shilmadi. Iqtisodchi Jang Shianping fikricha, kelishuv Xitoyning tashqi savdosiga uncha ta’sir ko’rsatmaydi.

“Xitoy bu hujjatni imzolagan mamlakatlarning uchdan ikki qismi bilan ikki tomonlama hamkorlik qiladi”, - deydi u.

Xitoy, ma’lumki, iqtisod hajmi bo’yicha dunyoda ikkinchi o’rinda turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG