Breaking News

Demokrat qonunchilar: Trampni qattiq kurash kutmoqda


Tarixdan ma'lumki, yangi prezidentlar rahbariyatining dastlabki oylarida ayniqsa qudratli bo'ladi. Ularning partiyasi Kongressda hukmron bo'lsa, prezidentning ishlari olchi. Xo'sh, Donald Trampni nimalar kutmoqda?

Prezident poygalarida g'alaba qilgan Tramp kurash, bahslarga tayyor ekanini aytadi. Si-Bi-Es telekanali bilan suhbatda u ana shu haqda gapirdi.

"Muxolifatga hurmatim baland, lekin qo'rqmayman", - deydi u.

Quyi palata spikeri Pol Rayan respublikachilar davri kelganini aytadi.

"Yangilangan, yakdil respublikachilar hokimiyatini ko'rib turibsiz", - deydi u.

Biroq Senatda demokratlarning yangi sardori Chak Shumer Trampni murakkab sinovlar kutayotgani haqida ogohlantiradi.

"Murosa qila olsak, yaxshi. Biroq bahsli masalalarga kelganda, yangi rahbariyat bilib qo'ysin, qattiq olishamiz", - deydi Shumer.

Tramp tub o'zgarishlar istagan saylovchilarning sa'y-harakati bilan saylandi, deya eslatadi tahlilchi Daniel Hamilton.

"Odamlar eski rahbarlarni emas, Trampni tanlaganlari bejiz emas", - deydi u.

Respublikachilar Kongressda hukmronlikni qo'lga kiritib, Tramp tezlikda qator qonunlarni qabul qilishi aniq, deydi ekspert Stiven Veyn.

"Temirni qizig'ida bosish kerak. Odatda aynan prezidentlikning birinchi muddatida ko'p ishlarni qilib olish mumkin. Kongress ham unga xayrixoh bo'ladi", - deydi u.

Kongressdagi respublikachilar Trampga ergashadi, deydi tahlilchi Tom Defrank.

"U rahbar. Demak, respublikachilar Tramp bilan murosa qilishi, qaysarlik qilmasdan, uning xohishlariga quloq tutishi kerak bo'ladi", - deydi u.

Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonel hovliqmaslik tarafdori.

"Boshqaruvda hamisha ko'pchilik bo'lib qolamiz, deb o'ylash xato. Bu davlatda boshqaruv doim bir partiya qo'lida bo'lmagan. Mamlakatda har ikki yilda saylovlar bo'lishini esdan chiqarmaylik. 1788-yildan beri shu an'ana", - deydi Makkonel.

Tramp elektoratlar soni bo'yicha g'alab qildi, lekin jami ovozlar soni bo'yicha Hillari Klintonga mag'lub bo'ldi. U boshqaruvi davrida buni inobatga olishi lozim bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG