Tramp savdo bobida qanday takliflarni olg'a surmoqda?

  • Amerika Ovozi

Respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp AQShnng savdo hamkorlariga nisbatan keskin fikrlari bilan taniqli. U janubiy chegarada quriladigan devor xarajatini Meksika zimmasiga yuklamoqchi. Xitoy bilan mavjud 366 milliard dollarlik savdo defitsitini kamaytirish uchun esa bu yerdan keladigan tovarlarga tariflarni oshirish niyatida. Iqtisodchilar esa bunday o'zgarishlarning Amerika uchun falokatli bo'lishidan ogohlantirmoqda.

O'tgan yili AQSh Xitoyda ishlab chiqarilgan yarim trillion dollarlik mahsulot xarid qilgan. Xitoy esa AQShdan 116 milliard dollarlik mol olgan. Bu nomutanosiblikni to'g'rilash uchun Tramp Xitoy tovarlariga qo'yilgan bojni 45 foizga oshirmoqchi.

"Xitoy bilan 500 milliard dollarlik savdo defitsitiga egamiz. Buni o'zgartiramiz. Bizda buning imkoniyati bor. Bankdan o'g'irlagandek bizni o'marishyapti", - deydi Tramp.

Tramp tarafdorlari va Xitoy tufayli ishidan ayrilgan millionlab amerikaliklar uchun bu xushxabar, ammo Gordon Henson kabi mutaxassislar bunday taklifning haqiqatga to'g'ri kelmasligini aytadi.

"Buning siyosiy sabablarini tushunamiz, ammo iqtisodiy jihatdan u hech qanday asosga ega emas", - deydi tahlilchi Henson.

45 foizlik tarif Jahon Savdo Tashkiloti qoidalariga zid bo'lish bilan birga, bunga qarshi Xitoy ko'radigan choralarning oqibati yanada og'ir bo'lishi mumkin.

"Mening tahlilim ikki narsani ko'rsatyapti: Xitoy kabi bir davlatdan importni cheklasangiz, bunday mollar boshqa davlatlardan keladi", - deydi iqtisodchi Fred Bergsten.

Jahon bankining sobiq xodimi Ched Baun Xitoy va AQSh o'rtasida savdo urushi boshlanishidan ogohlantiradi.

"Oxirgi yillarda Xitoy tutgan yo'l shundayki, qachon biror davlat unga qarshi savdoni cheklasa, u shunga mos chora ko'rgan. Tramp taklifiga javoban Xitoyning bunday yo'l tutishi hatto Jahon Savdo Tashkiloti qoidalariga ham zid emas", - deydi u.

Tramp esa tanqidlarga e'tibor bermayapti.

"Ortga qarab, shu ishga kirishgan paytimizdan muvaffaqiyat qozonishni boshlaganimizni eslaysiz hali. Men hokimiyatga kelsam, g'olib bo'lishda davom etamiz", - deydi respublikachi nomzod.

Ammo bunday siyosat, odatda, muvaffaqiyatga emas, balki hamkorlar bilan savdo va ishonchning kamayishiga sabab bo'ladi, deydi iqtisodchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG