Breaking News

Yevropa Rossiya gaziga qaramlikni kamaytirmoqchi


17-may kuni Trans-Adriatika gaz quvurining qurilishi rasman boshlandi. Bu Yevropaning energiya ta'minoti manbalarini ko'paytirish sari tashlagan muhim qadamlaridan biri. Ammo tahlilchilarga ko'ra, qit'a to'la energetik mustaqillikni qo'lga kiritishi uchun hali ko'p ishlar qilish kerak.

Trans-Adriatika quvuri "Janubiy gaz koridori"ning bir qismidir. Loyiha tarafdorlarining da'vo qilishicha, u Yevropaning energetika xavfsizligini mustahkamlab, Rossiya gaziga qaramligini kamaytiradi. Qarshilar esa loyihaning, asosan, ramziy ahamiyatga ega ekanini aytib, mintaqani yoqilg'i bilan ta'minlashda jiddiy o'zgarish yasay olmasligini ta'kidlaydi.

Diametri 1,2 metr, uzunligi 878 kilometrlik quvurning eng yuqori nuqtasi Albaniyada dengiz sathidan 1800 metr balandlikda o'tadi. Eng quyi nuqtasi esa Adriatika dengizi ostida 820 metr chuqurlikda joylashadi. 4,5 milliard dollarlik loyiha 2020-yilda ishga tushishi hamda Ozarbayjonning Shoh-Dengiz-2 gaz konini Gruziya, Turkiya, Gretsiya va Albaniya orqali Italiya janubiga bog'lashi kutilmoqda.

Quvur orqali bir yilda 10 milliard kubometr gaz o'tadi. Bu esa Yevropada yetti millionlik xonadonning yoqilg'iga bo'lgan barcha ehtiyojlarini qondirishi aytilmoqda. Ikkita kompressor stansiya qo'shish orqali yillik sig'imni ikki baravar oshirish ham ko'zda tutilgan.

AQShning Yevropada energetika xavfsizligi bo'yicha maxsus vakili Richard Morningstarning aytishicha, 2020-yillar o'rtalariga borib, gaz hajmi ikki baravar oshadi.

"Ozarbayjon sohilida boshqa imkoniyatlar ham bor. Turkmanistondan ham gaz import qilish mumkin. O'rta dengizning sharqiy qismidan olinadigan gazni hamda Iroqdagi kurd konlarini shu quvurga ulash imkoniyati ham mavjud", - deydi u.

Loyihani Yevropa Ittifoqi qo'llab-quvvatlamoqda. British Petroliem, Italiyaning SNAM hamda Ozarbayjonning SOCAR kompaniyalari qurilishga pul tikkan eng katta sarmoyadorlar. Har biri loyihada 20 foizdan ulushga ega. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1,7 milliard dollar mablag' ajratmoqda.

Ammo Yevropaning energetik mustaqillikka erishishi uchun bu yetarli emas, deydi kuzatuvchilar. Ularga ko'ra, ichki quvur tarmoqlarini qurish, ko'proq suyultirilgan tabiiy gaz import qilish, yangilanuvchi energiya manbalarini shakllantirish, tejamkorlikni oshirish hamda zaxira omborlarini yaratish kerak.

Bu ulkan loyiha o'z navbatida Rossiyani xavotirga solmoqda. G'arb homiyligidagi yana bir loyiha - Nabukko gaz quvuri qurilayotgan bir paytda Moskva Qora dengiz orqali Bolgariyaga Rossiya gazini olib chiquvchi "Janubiy oqim" quvurini qurishni taklif etdi. Ammo loyiha Yevropaning monopoliyaga qarshi qoidalariga javob bermagani bois to'xtab qoldi. Rossiyaning Gazprom kompaniyasi olg'a surgan "Turk oqimi" nomli yana bir quvur ham jiddiy loyihaga aylana olmadi.

Rossiya endi Turkiya, Gretsiya va Italiyani bog'lovchi Poseydon quvurini ishga tushirishga urinyapti. Agar qurib bitkazilsa, u bir yilda 8 milliard kubometr gaz tashish quvvatiga ega bo'ladi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shu oy oxirida Gretsiyaga qilayotgan safari davomida bu masalani yana bir bor ko'tarishi kutilyapti.

Mutaxassislar Yevropaning hali-beri yoqilg'i mustaqilligiga erisha olmasligini aytadi. 2015-yilda qit'a gazga bo'lgan ehtiyojining 31 foizini Rossiya hisobiga qoplagan. Bu esa 158 milliard kubometr bo'lib, Trans-Adriatika quvuri sig'imidan 15 baravar ko'p.

Morningstarning aytishicha, hozir asosiy maqsad gaz narxini tushirish. Oz miqdorda bo'lsa ham, qo'shimcha gaz manbalari ishga tushsa, bozorda raqobat kuchayadi, deydi u.

"Rossiya Yevropaning asosiy gaz ta'minotchisi bo'lib qoladi. Ammo "Janubiy koridor"dan keladigan gaz bozordagi raqobatni oshirishga hissa qo'shadi", - deydi Morningstar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG