AQSh-Markaziy Osiyo: Qanaqa buyuk o'yin?

  • Amerika Ovozi

Kurt Tong, AQSh Davlat kotibining biznes va iqtisodiy masalalar bo'yicha muovinlaridan biri

Kurt Tong, AQSh Davlat kotibining biznes va iqtisodiy masalalar bo'yicha muovinlaridan biri

Markaziy Osiyodan o'tuvchi yangi savdo yo'llari va mintaqani qamrovchi biznes loyihalar uchun Vashingtondan milliardlab dollar kutmang. Biroq Amerika mintaqaviy tijorat va kommunikatsiya taraqqiyotiga Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro organlar va donorlar orqali hissa qo'shadi.

AQSh Davlat kotibining biznes va iqtisodiy masalalar bo'yicha muovinlaridan biri Kurt Tong deydiki, qadim Ipak yo'lini tiklash yoki yangi savdo yo'llari ochish haqida gap ketganda, axborot vositalari va ekspertlar g'arb va sharq orasida "buyuk o'yin ketmoqda deya vahima ko'tarib" xato qiladi. Xitoy va Rossiya o'z o'rniga ega. Amerika bu jarayonda o'zi xos rol o'ynaydi, deydi rasmiy.

Amerika hech qanday o'yin o'ynamayapti, aksincha, Markaziy Osiyoga uning atrofidagi yirik davlatlar va iqtisodiy tizimlar bilan yaxshiroq bog'lanishda yordam bermoqchi, deydi Tong.

Xo'sh, bundan Qo'shma Shtatlarga nima foyda?

Dunyoning har bir mamlakati tinch va farovon yashashidan Amerika, jahonning eng yirik iqtisodi, har tomonlama manfaatdor, deydi Tong, Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida so'zlar ekan.

AQSh bir necha yillardan beri Yangi Ipak Yo'li barpo etish tashabbusini olg'a surib keladi. Buning uchun O'zbekiston va unga qo'shni davlatlar Afg'oniston va Janubiy Osiyodagi boshqa mamlakatlar bilan savdo aloqalarini rivojlantirishi kerak, deydi diplomatlar.

Mintaqa hukumatlari nazarida esa Afg'onistonda vaziyat yaxshilanmas ekan, tijoratni kengaytirish mumkin emas. Obama ma'muriyati ta'biricha esa iqtisodiy-tijoriy hayot faollashishi barqarorlikni mustahkamlashda muhim rol o'ynaydi.

Vashington bu borada Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa donorlar bilan hamkorlikda ish yuritish tarafdori.

Ayni damda Osiyo taraqqiyot banki Germaniyada majlisga yig'ilib, Markaziy Osiyodagi faoliyatini sarhisob qilmoqda. Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti bankka maxsus murojaat bilan chiqib, mintaqada aholi manfaatlari uchun xizmat qilishga undamoqda. Tashkilotning bayon qilishicha, bankdan olingan kreditlar taraqqiyot yo'lida sarflanmayapti, aksincha, rasmiylar cho'ntagiga ketmoqda.

AQSh pozitsiyasi shuki, mintaqa davlatlarida oshkoralik qanchalik keng quloch yozib, bank-moliya va soliq tizimlari qanchalik rivojlansa, Amerikadan ham sarmoya shunchalik oshadi.

Markaziy Osiyoni jahon iqtisodi bilan bog'lash uchun hozirga qadar Xitoy eng ko'p sarmoya va'da qilgan. Pekin infrastrukturani yangilash uchun milliardlab dollar ajratmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG