Prezident Obama Osiyo bo'ylab safarda

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama va Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abe matbuot anjumani so'nggida, Tokio, 24-aprel, 2014-yil

Prezident Obama va Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abe matbuot anjumani so'nggida, Tokio, 24-aprel, 2014-yil

AQSh prezidenti Barak Obama mudofaa vaziri Chak Xeygel ketidan Osiyo bo’ylab safarga chiqdi. Sakkiz kun davomida Obama to’rt mamlakatda bo’ladi – Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya va Filippinda.

Bu mamlakatlarga tashrif davomida Xitoyning qo’shni davlatlar bilan hududiy munozaralari, Shimoliy Koreya yadro dasturi kun tartibidagi asosiy mavzular bo’ladi.

Bugun Obama Tokioda. Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abe bilan Pekinning Sharqiy Xitoy dengizida joylashgan bir necha kimsasiz orolga da’vosi bo’yicha fikr almashadi.

Obama, shuningdek, Yaponiya bilan Tinch okeani bo’yida joylashgan 12 mamlakat ishtirokidagi erkin savdo bitimi bo’yicha ketayotgan muzokaralar xususida ham gaplashadi. Tokio qishloq xo’jaligi mahsulotlariga tariflarni kamaytirishni istamayotgani bitimning qabul qilinishini qiyinlashtirishi mumkin.

Bu mamlakatlar tariflarni kamaytirib yoki butunlay bekor qilib, qoidalarni yengillashtirib, o’zaro savdo hajmini oshirish uchun muzokara qilmoqda.

Trans Tinch okeani hamkorligi deb nomlanuvchi tashkilot prezident Obamaning tashqi siyosatda Osiyoga ko’proq diqqat qaratishining sabablaridan biri. To’rt mamlakatga tashrifi chog’ida Amerika rahbari bu mavzuni ko’tarishi aniq.

AQSh savdo vaziri Penni Pritzkerning aytishicha, mintaqaga doir savdo bitimi Obama ma’muriyati uchun ustuvor vazifalardan.

"AQSh eksportlari va sarmoyalarining Osiyo va Tinch okeani regionidagi bozorlarga ochilishi Qo’shma Shtatlarda ko’p jihatdan iqtisodiy o’sishni ta’minlashda va ish o’rinlarini yaratishda yordam beradi", - deydi u.

Bitim xususida muzokara qilayotgan 12 mamlakat dunyo iqtisodiyotining 40 fozini, global savdoning 26 foizini tashkil etadi. Tomonlar hozircha bir to’xtamga kela olmayapti, ayrimlari hatto ikki tomonlama shartnoma tuzish xususida muloqot boshlagan.

Avstraliya shu oy Yaponiya elektronika mollariga, Tokio esa Avstraliyadan kelayotgan cho’chqa va mol go’shtiga qo’yilayotgan boj to’lovlarini kamaytirishga kelishdi.

AQSh va Yaponiya ham o’zaro savdo xususida gaplashmoqda. Muzokaralar qiyin kechyapti.

Qo’shma Shtatlar tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu loyiha qisman Amerikaning Osiyoga qiziqishini namoyish etishga qaratilgan. Iqtisodiyotining hajmi bo’yicha dunyoda ikkinchi o’rinni egallayotgan Xitoy tez rivojlanib, Amerikadan birinchi o’rinni tortib olishga harakat qilmoqda. Shu sabab Xitoy mintaqaviy savdo ittifoqiga taklif etilmagan.

Yaponiyadan so’ng Obama Seulga o’tib, Janubiy Koreya prezidenti Pak Gven Xe bilan Shimoliy Koreya mavzusini muhokama qiladi. Seul razvedkasiga ko’ra, qo’shni davlat yerosti yadro sinoviga hozirlik ko’rayotgan bo’lishi mumkin.

Malayziyada ham Obama muzokaralar o’tkazib, bosh vazir Najib Razoq bilan ko’rishadi. Bu AQSh rahbarining 1966-yildan beri Malayziyaga ilk safari.

Filippinda ham prezident Obama Xitoy va harbiy hamkorlikni kuchaytirish mavzusida gaplashadi. Obama prezident bo’lganidan beri Osiyoga to’rt bor bordi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG