O'zbekiston - korrupsiya botqog'ida yashayotgan davlat

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston va Turkmaniston Yevrosiyoning poraxo'rlik eng ko'p quloch yoygan davlatlari

O'zbekiston va Turkmaniston Yevrosiyoning poraxo'rlik eng ko'p quloch yoygan davlatlari

Oshkoralikni targ'ib qiluvchi “Transparency International” xalqaro tashkiloti o’zining navbatdagi hisobotini chiqardi. Unga ko'ra, O’zbekiston korrupsiya botqog’iga eng ko’p botgan davlatlar qatorida.


Xalqaro tashkilot hisobotida davlatlardagi poraxo'rlik darajasi 0 dan 100 gacha bo’lgan raqamlar bilan baholangan.

Eng yuqori baho korrupsiya darajasi eng past deya topilgan mamlakatlarga berilgan. Bular Daniya, Yangi Zelandiya, Finlyandiya va Shvetsiya kabi aksariyati Yevropada joylashgan davlatlar.

Somali, Shimoliy Koreya, Afg’oniston va Sudan kabi qashshoq mamlakatlar poraxo’rlik illatiga eng ko’p duchor bo’lganlar ro’yxatida.

Hisobotga ko’ra, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining 95 foizdan ziyodi 50 dan past baho olgan. Ular orasida nisbatan eng sog’lom davlat deya Turkiya topilgan bo’lsa, eng quyi pog’onani Turkmaniston va O’zbekiston egallagan.

Hozir Toshkentda prezident qizi Gulnora Karimova yuritgan tashkilotlar va bizneslarga nisbatan boshlangan tergov ishlari, afsuski, korrupsiyaga qarshi kurash emas, deya qayd etadi "Transparency International".

Yulg'ichlikning ildiziga bolta urish uchun avvalo oshkoralikka yo'l ochish kerak. Hukumat qilayotgan ishlari haqida xalqqa muntazam ravishda hisobot berishi va o'z qarorlarini tushuntirib borishi lozim. Mas'uliyat va javobgarlik deyarli yo'q ekani O'zbekistonni taraqqiyotdan orqaga tortayotgan asosiy sabablardan biri, deya kuzatadi ekspertlar.

“Transparency International” tashkiloti xodimi Xuguet Labelning aytishicha, korrupsiya va poraxo'rlikdan eng ko’p aziyat chekadiganlar bu aholining qashshoq qatlamlaridir.

"Bu davlatlarda oddiy tibbiy xizmat, toza ichimlik suvi kabi ehtiyojlarning hammasi uchun pora berish kerak”, - deydi u.

Bu yilgi hisobotda Qo’shma Shtatlar yana 19-pog’onani band etgan.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari - Qozog’iston 140, Qirg’iziston 160 va Tojikiston 164-o’rinda. Ularning har birida ahvol o’tgan yilga qaraganda birmuncha yomonlashgani kuzatiladi.

Arab dunyosida xalqlarni bosh ko’tarishga majbur qilgan sabablardan biri sifatida aynan davlat tizimlarida korrupsiyaning keng quloch yoygani aytiladi. Ularning ayrimlarida bugun hukumatlar o’zgarganiga qaramay, poraxo’rlikni kamaytirish bo’yicha sezilarli o’zgarish yuz bergani yo’q.

Amerikalik ekspert Robin Rayt poraxo’rlikni yo’qotish uzoq vaqt oladigan jarayon ekanini aytadi.

“Yaqin Sharqda kundalik turmushni porasiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Demokratik chiqishlar va shiorlar bois butun boshli hayot tarzi bir kecha-kunduzda o’zgarib qolmaydi. Masalan, liviyalik bir fuqaroning aytishicha, avval bitta Muammar Qaddofiy bo’lgan bo’lsa, hozir ularning soni 6 million”, - deydi u.

Xalqaro tashkilot muntazam e’lon qilib boradigan bu hisobot hukumatlar, mustaqil tadqiqotchilar hamda nodavlat tashkilotlari uchun mavjud muammolarni o’rganish va ularga qarshi kurashda muhim qo’llanma vazifasini o’taydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG