Breaking News

Tramp muvaffaqiyatlari ortida nima turibdi?


Trampning biznes muvaffaqiyatlari savol ostida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:46 0:00

Donald Tramp tarafdorlariga ko’ra, uning biznesmen sifatida qozongan muvaffaqiyatlari prezidentik uchun eng munosib nomzod ekanini ko’rsatadi. Ammo yaqinda chiqqan bir kitob uning muvaffaqiyatlarini savol ostiga oladi.

Prezidentlik uchun nomzod bo’lishidan oldin Donald Tramp Nyu-Yorkda ko’chmas mulk biznesi bilan shug’ullangan tadbirkor sifatida taniqli edi. U o’z muvaffaqiyatlari haqida “Shogirdchilik” nomli teleshou ham tashkil qilgan.

“Nyu-Yorkda biznes qilish uchun odam kuchli va aniq maqsadga ega bo’lishi kerak. U haqiqiy nyu-yorklik tadbirkor.”

“U kontraktorlarni, ishchilarini yaxshi tanirdi. Hammani birma-bir tanishtirib chiqa oladi”, - deydi u bilan ishlagan advokat.

Mark Fisher va Maykl Krenish yaqinda Tramp haqida yangi kitob yozdi. Unda milliarderning prezidentlik nomzodini qo’lga kiritishigacha bo’lgan hayot yo’li yoritilgan.

“U ulkan biznes amaliyotining rahbari sifatida o’zini har qanday vazifaga tayyor deb hisoblaydi”, - deydi Fisher.

Tramp bilan batafsil intervyular o’tkazgan mualliflar uning muvaffaqiyat qozonishida brend nomi muhim rol o’ynaganini aytadi. U qurgan har bir bino Tramp tamg’asiga ega. Poytaxt Vashingtonda qurilgan so’nggi mehmonxona ham bundan mustasno emas. Yillar davomida bu ism boylik va hashamat ramziga aylandi.

“U o’z nomini litsenziyalab ham pul ishlagan. Boshqalar esa bu binolarga pul tikib yo yutgan yoki yutqazgan. Har qanday holatda u pul qilgan”, - deydi Krenish.

Ammo og’ir kunlar ham bo’lgan. Bes Rosser kompaniyasi Tramp Toj Mahal qimorxonasi uchun hojatxonalar qurganini eslaydi.

“230 ming dollardan ortiq shartnoma edi. Shu paytgacha biz qilgan eng katta ish bo’lgan”, - deydi u.

Ammo to’lov payti kelganda, Tramp loyihaning bankrotga uchraganini e’lon qildi va pulni to’lamadi.

“Hamma hujjat topshirishga, advokat yollashga tushib ketdi. Chunki pulni olish kerak edi”, - deydi Rosser.

Rosser nihoyat har bir dollar uchun 30 sent oladigan bo’ldi. Buni undirish uchun ham 2,5 yil vaqt ketdi.

“Donald Tramp bilan osh -qatiq bo’lib ust-boshidan ayrilganlar ko’p: pudratchilar, aksiyadorlar va hokazo”, - deydi Fisher.

Biznes hiylalaridan tashqari, Tramp jamoatchilik istak-xohishlarini tushunishning hadisini olgan. Hayot noz-nema’tlaridan tortib, shunchaki, davraning to’rini qo’lga kiritishgacha.

“Mamlakat ahvolini anglamasdan turib Trampni o’rgana olmaysiz. U uzoq vaqtdan beri mavjud noroziliklardan unumli foydalanmoqda”, - deydi Krenish.

Mashhur biznesmen AQShning navbatdagi prezidenti bo’la oladimi yoki yo’qmi, buni endi saylovchilar hal qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG