Tramp g'alabasi Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?


Sharhlovchilarga ko'ra, Tramp Markaziy Osiyo taqdirini Rossiya ixtiyoriga topshirib qo'yishi mumkin.

Sharhlovchilarga ko'ra, Tramp Markaziy Osiyo taqdirini Rossiya ixtiyoriga topshirib qo'yishi mumkin.

Donald Trampning AQSh prezidenti etib saylanishi o`z mustaqilligini mustahkamlayotgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun xavfli ishora sifatida ko`rilmoqda. Mintaqa taqdiri AQSh va Rossiya o`rtasidagi kelishuvga bog`liq qolishi ehtimoli yanada kuchaygan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin birinchilardan bo`lib Donald Tramni saylovdagi g`alabasi bilan tabrikladi. Bu g`alaba Rossiya siyosiy doiralarida ham olqishlanmoqda. Sharhlovchilar fikricha, Donald Trampning tashqi siyosati hali to`liq shakllanmagan, ammo bu g`alaba ko`pchilikni xavotirga qo`ymoqda.

AQShning 45-prezidenti sifatida saylangan Donald Tramp g`alabasi Yevropa Ittifoqida xavotir bilan kutib olingan bo`lsa, Rossiya siyosiy doiralarida ochiq olqishlanayotgani kuzatiladi. Markaziy Osiyo davlatlarida hozircha biror rasmiy munosabat bildirilgani yo'q, ammo AQShdagi saylovlar natijasi mintaqa uchun ancha xavfli ishora ekanligi aytilmoqda.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko`ra, bunday xavotirlarda asos bor.

“Donald Tramp O`zbekiston davlatchiligi uchun kutilganidan ko`ra xavfliroq bo`lishi mumkin. Agar uning bayonotlaridan kelib chiqsak, u Putin bilan yaxshilab kelishib olmoqchi. Putining asosiy maqsadi esa dunyoni ta'sir doirasiga bo`lib olish, Markaziy Osiyoni esa u o`z ta'sir doirasida deb biladi. Agar Yaqin Sharqdagi vaziyat bo`yicha AQSh va Rossiya til topishadigan bo`lsa, Putin Markaziy Osiyo mening an`anaviy hududim, bu yerga aralashmanglar desa, Donald Trampning bunga rozilik berish ehtimoli juda yuqori”, - deydi u.

AQSh prezidentligi uchun Donald Tramp va Hillari Klinton kurash olib bordi. Trampning saylovdagi g`alabasidan so`ng uning maslahatchisi Karter Peyj tomonidan berilgan dastlabki bayonotda AQShning dunyo davlatlari bilan munosabatida yangi davr boshlanishi aytildi.

Bu yangi davr nimani anglatishi hozircha nom`alum, ammo AQShda turli bahsli bayonotlar bilan tanilgan yangi prezidentning iqtidorga kelishi xalqaro maydonda, jumladan, Yevropa Ittifoqida ham xavotirlar bilan kutib olingan.

“Bunday yashirin xavotir Toshkentda ham mavjud. Yevropa Ittifoqida bu ochiq aytilayapti. Fransiya prezidenti noaniqlik davri boshlandi deb aytdi. Germaniya kansleri Angela Merkel biz ittifoqchi edik, ittifoqchi bo`lib qolishimiz kerak, degan ma`noda gapirdi. Ya'ni, bu fikrlarning hammasi salbiy ohangda aytilmoqda. Postsovet hududidagi ochiq aytilmayotgan xavotir esa agar Putin va Tramp rostdan yaqinlashib ketadigan bo`lsa, buning so`nggi chorak asr davomida mintaqa davlatlari erishgan siyosiy, geosiyosiy mustaqillikka jiddiy zarba berishi bilan bog`liq”, - deydi Rabbimov.

8-noyabrda o`tgan saylovlarda g`alaba qozongan Donald Tramp AQSh prezidenti sifatida 2017-yil yanvarda qasamyodga keltiriladi. Uning iqtidorga kelishi ortidan AQSh tashqi siyosatida keskin o`zgarishlar bo`ladi, deyishga hali erta. AQSh elchixonalari prezidentlik saylovlari natijasi qanday bo'lishidan qat'i nazar, tashqi siyosatdagi mavjud munosabatlarning o`zgarmasligi haqida bayonotlar bilan chiqishgan edi.

Siyosatshunoslar esa Trampning prezidentligi dunyo geosiyosatida yangiliklar qilishi haqida gapirmoqda.

“O`ylashimcha,Trampning prezidentlik davrida ko`p qutblilikka intilish, shu jumladan, AQSh ta'siridan uzoqlashish jarayoni kuchayadi. Bu borada Obama tomonidan olib borilgan so`nggi yillardagi harakat yo`qqa chiqishi mumkin”, - deydi Rabbimov.

Ayni paytda dunyo yetakchilari Donald Trampni g`alabasi bilan muborakbod etmoqda. Prezidentlik saylov kampaniyasi davom etayotgan O`zbekiston rahbariyati tomonidan biror tabrik bildirilgani haqida hozircha ma`lumotlar yo`q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG