Breaking News

Trampning farmoniga Markaziy Osiyo qanday munosabatda?


Dalles xalqaro aeroportida Tramoning yangi qaroriga qarshi namoyishlar, 29-yanvar, 2017-yil.
Dalles xalqaro aeroportida Tramoning yangi qaroriga qarshi namoyishlar, 29-yanvar, 2017-yil.

AQSh prezidenti Donald Trampning aksariyati musulmonlardan tashkil topgan yetti mamlakat fuqarolarini AQShga kiritmaslik va qochqinlar qabulini cheklashga doir qarori xalqaro miqyosda keskin norozilik uyg`otdi va turli davlatlar tomonidan ham rasman tanqid qilinmoqda. Asosan, musulmonlar yashovchi Markaziy Osiyo davlatlari hozircha rasman sukutda, sharhlovchilar bu sukut sababini turlicha izohlashmoqda.

Istanbulda tashkil etilgan “Turkistonliklar” xalqaro jamiyati faoli, o`zbekistonlik siyosatshunos Namoz Normo`min islom dunyosida keng munozaraga sabab bo`lgan bu qaror mintaqa davlatlari tomonidan chetlab o`tilayotgani sababini shunday izohlaydi:

“Geosiyosiy to`lqinlar Markaziy Osiyoga kechikib boradi. Qolaversa, AQSh kirishi taqiqlangan musulmonlarning aksariyati Markaziy Osiyodan emas, asosan, Yaqin Sharq davlatlaridan. Qolaversa, mintaqa matbuotiga doir vaziyat hammaga ma`lum. Ijtimoiy tarmoqlarda bu muhokama bo`layotgani bilan, rasmiy nashrlar bu haqda sukut saqlashmoqda. Har holda bu shov-shuvli voqealarga nisbatan biror rasmiy bayonot bo`lganini hozirgacha eshitmadik”, - deydi u.

Namoz Normo`minga ko`ra, O`zbekistondagi yangi hokimiyat xalqaro voqealarni diqqat bilan kuzatib bormoqda, ehtiyotkor, Moskvaning qarashlariga diqqatni kuchaytirgan:

“Trampning musulmonlarga nisbatan siyosati Kanadada kuzatilgan terrorchilik hujumiga ham qaysidir ma`noda ta'sir ko`rsatgan bo`lishi mumkin, degan fikrlar bor. Bu musulmonlarga qarshi qilingan hujum edi, shunga qarmasdan bizning mintaqa jim. Xususan, O`zbekistonni oladigan bo`lsak, yangi hokimiyat diqqat bilan kuzatayapti voqealarni, ammo asosan Moskvaga qaraydi, qanday bayonotlar qiladi deb. Moskvaning Trapmga munosabati ancha yaxshi, bayonotlari ham shunga yarasha. Deylik, Britaniyaga solishtiradigan bo`lsak, bu farq juda katta. U yerda Tramp siyosatiga qarshi norozilik juda kuchli”, - deydi tahlilchi.

Britaniyada yashayotgan o`zbekistonlik tahlilchi, Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovning aytishicha, Donald Trampning muhojirlarga doir qarori Britaniyada siyosiy ziddiyat qo`zg`aydigan voqelikka aylanishi mumkin.

“Trampning davlat tashrifiga qarshi petitsiyani, so`nggi ma`lumotlarga ko`ra, 1,5 milliondan oshiq aholi imzoladi, ularning soni soat sayin oshib bormoqda. Bu parlamentga yuborilgan petitsiyalar tarixidagi yirik ko`rsatkichlardan. Parlament buni muhokama qildi, to`g`ri muhokama natijasidagi xulosalar ko`proq tavsiya maqomida. Tereza Mey boshliq hukumat o`z qarorini, ya'ni Tramp tashrifiga doir pozitsiyasini o`zgartirmasa kerak. Ammo masalaning siyosiy tomoni shundaki, jamoatchilik birlashdi, buning ortidan hukumat rahbari Tereza Mey o`z pozitsiyasini o`zgartirishga majbur bo`ldi, Trampning muhojirlarga doir qarorini yoqlamasligi haqida bayonot berdi”, - deydi Alisher Ilhomov.

Ekspertga ko`ra, Markaziy Osio davlatlarining islom dunyosida keng muhokama qilinayotgan bu voqeadan chetda qolayotganining sababi mintaqadagi mavjud rejimlarga ham bog`liq.

“AQSh musulmon qochqinlarni qabul qilishni to`xtatdi. Musulmon qochqinlar esa urushdan yoki joylardagi rejimlar tazyiqlaridan qochayotgan dindorlardir. Masalan, O`zbekiston yoki Tojikiston misolida bular asosan siyosiy qochqinlardir, ya'ni bu mamlakatdagi hukumatlarga muxolif bo`lgan diniy faollar. Shunday ekan, bu kabi qarorlar avtoritar tuzumlar tomonidan faqat olqishlanishi mumkin. Taqiqlar masalasiga kelsak, Markaziy Osiyo davlatlari hozircha bu ro`yxatda yo`q”, - deydi Ilhomov.

Saylov kampaniyasi davomida muhojirlarga doir keskin siyosatni amalga oshirish va`dasini bergan AQSh Prezidenti Donald Tramp fuqarolari terorchilik amaliyotiga qo`l urayotgan musulmon davlatlari qatorida O`zbekistonni ham sanab o`tgan edi.

Trampga ko`ra, muhojirlarga doir qaror musulmonlarga qaratilmagan, faqat xavfsizlikni ta`minlash nuqtai nazaridan qabul qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG