Breaking News

Klinton: Trampdan prezident chiqmaydi


Amerikada prezidentlikka nomzodlar saylov natijasini hal qiluvchi shtatlarni kezmoqda. Hillari Klinton Ayovada saylovchilarga iqtisodiy o’sishni ta’minlaydigan rejasini tushuntirib berdi.

Donald Tramp o’z chiqishlaridan birida qurol egalari Hillari Klintonga qarshi chora ko’rishi kerak, deya zo’ravonlikka shama qilgani bahslarga sabab bo’lmoqda. Klinton saylansa, deydi Tramp, qurol savdosini cheklaydigan sudyalarni tayinlashi aniq.

“U har doim ataylab shunday gaplarni gapiradi”, - deydi nyu-yorklik Aleks Yankovskiy. “Tramp safsataboz, o’g’ziga kelganini vaysaydi. Men Klintonga ovoz berayotganimning sababi ham shu. Chunki respublikachilar nomzodi aytayotgan gaplarda mantiq yo’q”.

Tramp tarafdorlari esa u zo’ravonlikka shama qilgani yo’q, deydi. Tadbirkorning o’zi matbuotni vahima ko’tarayotganlikda ayblamoqda.

“Nyu-York Tayms” nashriga bir qarang. Trampdan nafratlanamiz deb ochiq-oydin yozishyapti. Ular meni xolisona yorita olmaydi”, - deydi milliarder.

Donald Tramp nazarida, Hillari Klintonning davlat kotibi bo’lgan davrda qanday ish yuritganiga doir yozishmalar ommaviy axborot vositalari e’tiboridan chetda qolayapti. Bu maktublarda Davlat departamenti va Klinton jamg’armasi o’rtasidagi aloqalar aks etgan.

“Klinton “sizdan ugina, bizdan bugina” qabilida ish tutgan, qonunlarni buzgan”, - deydi Tramp.

Demokratlar nomzodi Tramp o’z fe’l-atvori bilan bosh qo’mondonlikka noloyiq deyishda davom etmoqda. Klinton Ayovada asosan iqtisodiyotga urg’u berdi.

“Davlatimiz infratuzilmasini yangilasak, energetika sohasida yangi ish o’rinlari yaratsak, o’sishdan faqat boylar emas, hamma foyda ko’radi, farovonlik oshadi”, - deydi Klinton.

Mening iqtisodiy rejam, deydi u, 10 million odamni ish bilan ta’minlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG