Klinton va Tramp o'rtasidagi ilk debat ko'p narsani hal qiladi

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka nomzod demokrat Hillari Klinton va respublikachi Donald Tramp o'rtasida 26-sentabr kuni ilk teledebat bo'lib o'tadi.

Ikki arbob birinchi bor yuzma-yuz uchrashadi. Bahsni 100 million odam tomosha qilishi kutilmoqda.

Bu saylov kampaniyasining eng muhim nuqtasi bo'lsa ajabmas. Nomzodlarning nafaqat savollarga qanday javob berishi, balki bir-biriga nisbatan muomalasi ham saylovchilar e'tibor markazida bo'lishi aniq.

So'nggi haftalar ichida milliarder Donald Tramp so'rovlarda Hillari Klintonga deyarli yetib oldi. Bunga qisman o'zini vazmin tutayotgani, intizom bilan kampaniya olib borayotgani sabab qilib ko'rsatilmoqda.

Saylovgacha o'tkaziladigan uch debatdan birinchisi bu. "Saylovga juda yaqin qolgani uchun ham bag'oyatda muhim", - deydi tahlilchi Metyu Dalek.

Klinton maslahatchilari bilan bahsga qizg'in tayyorlanayotgan bo'lsa, Tramp "repetitsiya" uchun ko'p vaqt sarflamayapti. Demokratlar fikricha, tadbirkor chuqur o'ylamasdan og'ziga kelganini gapiraveradigan qiyofada namoyon bo'lsa ajabmas.

Har ikki nomzod saralash bosqichida o'tkazilgan telemunozaralarda raqiblaridan ustun kelgan edi. Ayniqsa Tramp nomzodlik uchun u bilan bellashgan partiyadoshlarini keskin tanqid va haqorat qilishlari bilan yodda qolgan.

Ammo bu gal "yangicha" Trampni ko'rishimiz mumkin, chunki u mo'tadil respublikachilar va ikkilanib turgan saylovchilarni shaxsiyatga hujumlar bilan o'ziga ergashtira olmaydi.

Hillari Klintonga esa yaqingacha asosiy raqibi bo'lgan senator Berni Sanders bilan yuzma-yuz debatlarda orttirgan tajribasi qo'l keladi. Uning oldidagi asosiy vazifa - saylovchilar ishonchini qozonish. Qator so'rovlarda uni ko'pchilik samimiy emas, deya ta'riflaydi.

Donald Tramp debatda o'zini qanday tutishini oldindan aytish qiyin va bu Klinton uchun o'ziga xos muammolar tug'diragi, deydi tahlilchi Stiven Veyn. "Trampning asabi buzilsa, shaxsiy hujumlarga beriladi".

Prezidentlik debatlari tarixi

Dastlabki prezidentlik bahsi 1960-yil respublikachi vitse-prezident Richard Nikson va demokrat senator Jon Kennedi o'rtasida bo'lib o'tgan.

"Bu o'lkaga mos yetakchilikni va taraqqiyotni berishimiz kerak", - degan edi o'shanda Jon Kennedi.

Kennedining debatga yaxshi tayyorgarlik ko'rgani tajribali Niksonni yengib, saylovda kichik ustunlik bilan g'alaba qozonishiga sabab bo'ldi.

Prezidentlik bahsining ahamiyati katta, deydi tahlilchi Jeremi Mayer.

"Oyoqda yaxshi turib, o'zingizdan mashhurroq odamga qarshi teng chiqa olishni istasangiz, bahslar shu imkoniyatni beradi", - deydi u.

1976-yilgi bahsda Prezident Jerald Ford Sovet Ittifoqining Sharqiy Yevropaga ta'siri masalasida raqibi demokrat Jimmi Karterga imkoniyatni boy berib qo'ydi.

"Sharqiy Yevropada sovetlar hukmron emas", - degan o'shanda Ford.

Karter bu gap uchun Fordni keskin hujumga tutdi va shu hodisa Fordning saylovni boy berishiga sabab bo'ldi, deydi Jorjtaun universiteti tadqiqotchisi Stiven Veyn.

"Nomzodlar imkoniyati teng bo'lgan holatlarda prezidentlik bahslari saylov uchun muhim. Odamlarning aksariyati bahslarda o'z nomzodini kuzatadi", - deydi Veyn.

To'rt yil keyingi saylovda Karterning o'zi respublikachi raqibi Ronald Reyganga bahsda yutqazib qo'ydi.

Reyganning o'shanda aytgan bir gapi hammaning yodida: "Qaror qilishda o'zingizdan so'rang: Hozir to'rt yil oldingiga qaraganda hayotim yaxshiroqmi?"

So'nggi yillarda nomzodlar bahslarda jiddiy xatoga yo'l qo'ymaslikka urinmoqda, deydi Jeremi Mayer.

"Bahslarning ta'sir kuchi kamayib borayotgandek. Odamlar ularni ilgarigidek tomosha qilmayapti. Lekin odamlar ko'rmasa ham, biror xatoga yo'l qo'ysangiz, shu joyini hamma "YouTube"da yoki "Facebook"da ko'radi", - deydi u.

Tahlilchilar fikricha, Klinton-Tramp bahsi saylov jarayonining eng ko'p ko'rilgan tomoshasiga aylanadi. Undan har ikki tomonning umidlari katta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG