AQShda qaysi nomzodda prezident xarakteri bor?

  • Amerika Ovozi

Amerikada Donald Trampni qo’llab-quvvatlovchilar o’zgarishlarga, Xillari Klinton tarafdorlari esa barqarorlikka ovoz berishini aytadi. Tramp ommaviy so’rovlarda Klintondan ortda kelmoqda. Ayrimlar buni tadbirkorning hissiyotga berilishi bilan izohlaydi.

Pensilvaniyada Vitse-prezident Jo Bayden bilan tashviqot olib borgan Xillari Klintonning saylovchilariga aytishicha, Tramp bunday xarakter bilan Amerika prezidenti va oliy qo’mondon bo’lishga loyiq emas.

So’ralganlarning uchdan biri Trampning, har 10 tasidan oltitasi esa Klintonning xarakteri prezidentlikka mos deb biladi.

Klintonning muammosi shundaki, aksariyat saylovchilar unga ishonmaydi, ayniqsa davlat kotibi bo’lgan mahalda ishga taalluqli yozishmalarni xususiy elektron pochtasi orqali olib borgani uchun.

Tramp Ogayodagi chiqishida Klintonga shu tarafdan yana hamla qildi.

“Partiyadoshi Berni Sanders aytganidek, Klinton muammo tug’ilgudek bo’lsa, vaziyatni to’g’ri baholay olmaydi, mamlakatimizni boshqarish uchun unga aql ravshanligi, xarakter va ma’naviylik yetishmaydi”, - dedi u.

Xalqning o’zgarishlarga chanqoqligi Trampga qo’l kelishi mumkin. So’rovda qatnashganlarning uchdan ikki qismi mamlakat xato yo’ldan ketayotganini aytadi.

Biroq har ikki nomzodning imiji yaxshi emas, deydi sotsiolog Frenk Nyuport.

“Saylovchilarning 63 foizi Donald Tramp haqida salbiy fikrda, Klintonni yoqtirmaydiganlar 55-56 foiz atrofida. Bu borada Klinton Trampdan biroz ustun”, - deydi Nyuport.

So’nggi haftalarda Tramp unga qarshi ayrim izohlar, hujumlar va da’volarga ortiqcha hissiyot, qahr va zarda bilan javob berib, so’rovda saylovchilarning bir qismini yo’qotdi.

Aksariyat respublikachilar uning so’zlariga diqqatli bo’lib, e’tiborini Klintonga qaratishini istaydi, deydi tahlilchi Skot Folkner.

“Hozirgi yo’lidan qaytishi kerak. Bu mo’tadilroq bo’lishi kerak deganimas. Kengroq mavzularni muhokama qilib, jamoatchilik diqqatini o’ziga tortishi lozim”, - deydi Folkner.

Shu hafta Tramp saylov shtabi rahbarini yangilab, o’zgarishlarga chaqirgan tarafdorlariga umid bag’ishladi. Ammo tadbirkor tashviqot usulidan voz kechmoqchi emas.

“Men o’zgarishni istamayman. Har bir inson o’zligicha qolishi kerak”, - deydi Tramp.

So’rovlarda ortda kelayotgan Tramp uchun sentabr oyida mavqeini yaxshilashga imkoniyat paydo bo’ladi. Nomzodlar ilk televizion debatda yuzlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG