Tramp va Klinton o'rtasida kurash qizimoqda

  • Amerika Ovozi

AQShdagi prezidentlik saylovi bo'yicha o'tkazilgan so'nggi so'rovga ko'ra, respublikachilar nomzodi Donald Tramp demokrat raqibi Hillari Klintondan ikki foiz oldinga (45-43) chiqib olgan. Klinton shu paytgacha oldinda borayotgan edi. Ammo "CNN" telekanali o'tkazgan yangi so'rov saylovga ikki oy qolganda poyga yanada qiziganini ko'rsatmoqda.

Respublikachi Donald Tramp Virjiniyada tashqi siyosat haqida gapirdi, lekin so'nggi so'rov natijalarini ham eslatib o'tdi.

"CNN" katta so'rov o'tkazibdi, unga ko'ra Tramp yutyapti. Bu yaxshi alomat. Buni bilishimning sababi, kecha menga qo'ng'iroq qilmagan odamlar bugun telefon qilishyapti. Haqiqiy hayot shunaqa bo'larkan", - deydi Tramp.

Demokrat Hillari Klinton hanuz boshqa so'rovlarda va muhim shtatlarda oldinda bormoqda. Har ikki nomzod bunday shtatlarga alohida e'tibor qaratadi.

Klinton Floridada yana Trampni nishonga oldi.

"U musulmonlarni tahqirladi, farzandi Iroqda urushda halok bo'lgan oilaga hujum qildi. Bizning qadriyatlarimizdan emas bu. To'g'ri, rejalarimiz ko'p, lekin qadriyatlarimiz ham bor. Biz Amerika qadriyatlarini himoya qilamiz", - dedi Klinton.

Tahlilchi Stiven Veyn nazarida, raqib Klintonnning zaif tomonlarini ushlab olgan.

"Uning samimiy va ishonchli ekaniga shubha qiladigan odamlar bor. U bu yoshda juda an'anaviy siyosatchi qiyofasida", - deydi u.

Ammo Trampni yoqlamaydiganlar ham juda ko'p, deydi so'rovlar bo'yicha mutaxassis Frenk Nyuport.

"Har ikki odamning o'z muammolari bor. Hillari Klinton qiyofasini o'zgartirish haqida qattiq ishlayapti. Lekin buni amalga oshirish qiyin. Chunki pishib yetilgan masala bu", - deydi u.

Klinton demokratlar qurultoyidan so'ng oshgan reytingini saqlab qolishga harakat qilmoqda, deydi tahlilchi Jeremi Meyer.

"Poygada Donald Tramp g'olib chiqishi mumkin. Lekin buning uchun u zamonaviy davr so'rovlaridagi kamomadni kamaytirishi kerak. Hech kim shu paytgacha hozirgidek qisqa vaqtda buning uddasidan chiqa olmagan", - deydi kuzatuvchi.

Klinton va Tramp ayni paytda dastlabki prezidentlik bahsiga tayyorlanmoqda. Teledebat 26-sentabr kuni bo'lib o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG