Breaking News

Trampga ishonch yo'qolmoqdami?


AQSh Prezidenti Donald Tramp Federal qidiruv byurosining yaqinda ishdan olingan direktori Jeyms Komidan sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Maykl Flinn tergovini to’xtatishni so’ragani hamda Rossiyaga maxfiy ma’lumot uzatgani haqidagi xabarlar Amerika rahbari obro’siga putur yetkazmoqda. Demokrat qonunchilar hatto Trampni impichment qilishga chaqirmoqda.

Prezident tanqidchilari va matbuotga shunday javob berdi:

“Tarixda hali hech bir siyosatchiga bunchalik adolatsiz muomala qilishmagan. Ammo bunday odamlarga, tanqidchilarga orzularingiz yo’lida to’g’anoq bo’lishiga imkon bermaslik kerak”, - dedi Tramp.

Demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumer shuncha mashmashadan so’ng prezidentga ishonish mumkinmi, degan savolni o’rtaga tashladi.

“Bu ma’muriyat obro’siga dog’ tushdi. Bundan barchamizga birday zarar tegadi. Prezidentlik institutiga, do’stlarimiz va ittifoqchilarimizda Amerikaga ishonch yemirilmoqda”, - dedi qonunchi.

Kongressdagi ayrim respublikachilar Oq uyni ko’proq ma’lumot berishga chaqirmoqda.

“Biz mas’uliyatli, hushyor bo’lishimiz, faqat dalillar bilan ishlashimiz kerak”, - dedi palata spikeri Pol Rayan.

Senatda ko’pchilik sardori, respublikachi Mitch Makkonel siyosiy inqirozga barham berishga da’vat etdi.

“Oq uy hissiyotlarga kamroq berilsa, hammaga yaxshi bo’lardi”, - dedi u.

Ichki siyosatdagi muammolar Trampning xorijiy safarlariga ham ta’sir qilishi mumkin, deydi tahlilchi Entoni Kordsmen.

“Xorijdagilar prezidentning Kongress bilan, o’z partiyasi bilan tortishuvlariga qarab, Trampda o’z maqsadlarini amalga oshirishda, olg’a qadam tashlash uchun kuch-qudrat bormi, agar bo’lsa, bu kuch-qudrat nimada, degan savolni hayolidan o’tkazmoqda”, - deydi ekspert.

Ba’zi respublikachilarga ko’ra, prezidentning jangovar xarakteri siyosiy inqiroz paytida muammoga muammo qo’shmoqda.

“Tramp tizimni o’zgartirmoqchi bo’ldi va bu ishga qo’l urdi. U milliy matbuot organlarini o’ziga qarshi qilib qo’ydi. Tarafdorlari unga kuch berayotgan bo’lishi mumkin, biroq bunday siyosat bilan ishonchni yo’qotish ham mumkin”, - deydi respublikachi strateg Jon Fiyeri.

Agar FBR sobiq direktori Jeyms Komi prezident bilan munosabatlari haqida Kongressda hisobot beradigan bo’lsa, Trampga ishonch yangi sinovlardan o’tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG