Donald Tramp iqtisodiy dasturini e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp Detroyt iqtisodiy klubida iqtisodiy dasturi haqida ma'lumot bermoqda, 8-avgust, 2016-yil

Donald Tramp Detroyt iqtisodiy klubida iqtisodiy dasturi haqida ma'lumot bermoqda, 8-avgust, 2016-yil

AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp iqtisodiy dasturini e'lon qildi. U soliqlarni kamaytirishni, hukumatning xususiy biznes ishiga aralashuvini kamaytirishni, o'rta sinf daromadini oshirishni va'da qilmoqda.

Detroyt iqtisodiy klubida so'zga chiqqan Tramp asosiy raqibi, demokrat Xillari Klintonni "o'tmishning nomzodi" deb atadi. Tadbirkor nazarida Klinton soliqlar va bizneslarga cheklovlarni oshirish, energetika bobida taraqqiyotni nazorat qilish tarafdori.

"Amerikaga jon bag'ishlamoqchiman, buni uddalasa bo'ladi", - dedi Tramp.

Nomzod korporatsiyalarga qo'yilgan soliqni 39 foizdan 15 foizga tushirishini aytdi. Yirik tadbirkorlar uning bu taklifini olqishlar bilan kutib oldi.

"Nazorat va tekshiruvlarni ancha kamaytiraman. Boylik Amerikada qolishi kerak. Biz biznes bobida dunyo bilan raqobat qilyapmiz va men bu raqobatda Amerikaning qo'li baland kelishini istayman", - dedi Tramp.

Respublikachi nomzod oddiy soliq to'lovchilar uchun soliq tizimini yengillashtirishga va'da berdi.

"Aksariyiat amerikaliklar uchun soliq stavkasi nolga teng bo'ladi", - dedi u.

Tramp AQShning Prezident Barak Obama tashabbusi bilan imzolangan xalqaro savdo bitimlarini tanqid qildi. Unga ko'ra, Klinton 12 davlat imzolagan Trans-Tinch okeani hamkorligi shartnomasiga qarshi bo'lsa-da, keyinchalik uni qo'llab-quvvatlaydi.

"Savdo bitimlaridan amerikalik ishchilarga foyda bo'lsagina ularni qo'llab-quvvatlayman", - dedi Tramp.

U Kanada va Meksika bilan amal qilayotgan Shimoliy Amerika erkin savdo bitimi shartlarini qayta ko'rib chiqishga va'da berdi.

"Yangi shartlarni qabul qilishmasa, bitimdan chiqamiz. Biz globalizatsiya emas, amerikanizm tarafdorimiz", - dedi Tramp.

Tadbirkor Klintonni quruq gapdan nariga o'tmayotganlikda aybladi. Unga ko'ra, bir necha yil oldin Klinton Senatda ishlaganida Nyu-Yorkda 200 mingta yangi ish o'rinlari yaratishga va'da bergan edi, ammo eplolmagan.

Tramp, shuningdek, Kanadadan AQShning markaziy shtatlarigacha neft quvuri tushirish loyihasini jonlantirishini hamda badavlat amerikaliklarning vafotidan so'ng ko'chmas mulkiga soliqlarni bekor qilishini aytdi. Obama quvur loyihasini ma'qullamagan edi.

Klinton o'z iqtisodiy dasturini 11-avgust kuni ayni shu joyda, Detroyt iqtisodiy klubida e'lon qilishi kutilmoqda. Sobiq davlat kotibi prezidentlikka saylansa, mamlakat yo'llari va aeroportlari ta'mirlanishini, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalarga pul ajratilishini aytdi.

Bularning barchasini moliyalash uchun Klinton badavlat amerikaliklarga yangi soliqlar solmoqchi.

So'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Tramp Klintondan 8-10 foiz ortda qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG