Tramp AQSh saylov tizimini adolatsizlikda aybladi

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligi uchun respublikachilar nomzodi Donald Trampning saylov tizimida firibgarlik bor, deb aytgan gaplari AQShda va xorijda ko'plab bahslarga sabab bo'ldi. Erkin va adolatli saylovlar har doim AQSh demokratiyasining asosi va dunyo uchun namuna bo'lib kelgan. Mutaxassislar AQSh saylov tizimida noxolislik kuzatilgani haqida dalillar mavjud emas desa-da, bu yilgi saylovning o'ziga xosligi ko'pchilikni hushyor torttirmoqda.

Jinsiy tajovuzkorligi haqidagi janjallar ortidan Trampning so'rovlardagi reytingi tushib ketdi. Endi u saylovning noxolis o'tishi haqida bong urmoqda.

"Jarayon buzuq. Buzuq saylov bu. Yolg'onlarni bosh sahifalarda chop etishadi", - deydi Tramp.

Uning saylov tizimiga qarshi boshlagan keskin hujumi ham respublikachilar, ham demokratlar tanqidiga uchradi. Prezident Obama ham uni koyidi.

"Qaysi siyosiy partiya yoki mafkuraga mansubligidan qat'i nazar, bu masalalarni jiddiy o'rgangan har bir mutaxassis ovoz berishda jiddiy bir firibgarlik yo'qligini aytadi", - dedi AQSh rahbari.

Kuzatuvchilar bu fikrga qo'shiladi, ammo ular boshqa muammolar yuz berishidan xavotirda.

Bu yilgi jarayon 1964-yilgi Ovoz berish huquqiga oid qonun bekor qilingandan beri o'tkazilayotgan ilk saylov bo'ladi. Uch yil oldin Oliy sud qonun ijrosini to'xtatgan edi.

"50 yil ichida ilk bor Adliya vazirligi mamlakat bo'ylab saylov jarayonini kuzatish uchun maxsus tayyorgarlikdan o'tgan mutaxassislarini jo'natmaydi", - deydi huquqshunos Kristen Klark.

2012-yilda Adliya vazirligi 23 shtatga 780 kuzatuvchi jo'natgan edi. Bu yil esa ular beshtacha shtatga boradi, xolos.

14 shtatda esa ovoz berishni cheklovchi qonunlar qabul qilinyapti, ayrimlarida maxsus guvohnomaga ega bo'lish talab qilinadi.

Qonunlar to'g'ri qo'llanilishini nazorat qiladigan federal kuzatuvchilar yo'q ekan, huquq faollari bu vazifani o'z zimmasiga olishga urinmoqda.

"Registratsiya qog'ozlarining soxtalashtirilishi, saylovchilarni oldindan ogohlantirmasdan ovoz berish joylarining o'zgartirilishi, saylov kuni fuqarolarning ovoz berish huquqini shubha ostiga olish kabi holatlarni kuzatib boramiz", - deydi Klark.

Bu yilgi saylov juda g'ayrioddiy o'tayotganini ko'pchilik tasdiqlaydi. Bu esa saylov kunini ham o'z ichiga olishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG