Prezident Tramp bosh diplomat sifatida kimni tanlaydi?

  • Amerika Ovozi

Isroil ko'chalarida

Isroil ko'chalarida

Amerikaning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp tashqi siyosatni qay tomon buradi? Xalqaro maydonda xavotir va sarosima.

Saylov kampaniyasida bu borada uning raqibi demokrat Hillari Klintonning taklif va g’oyalari kuchli va aniq edi, deydi siyosatdonlar. Tramp esa mujmal, mavhum gaplar bilan cheklandi.

Respublikachi nomzod Obama ma’muriyati erishgan yutuqlarni qoraladi, xususan Osiyo-Tinch okeani hududidagi 12 davlat orasidagi erkin savdo bitimi, Eron atom dasturini cheklovchi hujjat, global iqlim yuzasidan xalqaro murosa.

Iqlim kelajagi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining umidi shuki, kelgusi ma’muryat atrof-muhit muhofazasi va iqlimdagi salbiy o’zgarishlarga jiddiy e’tibor qaratib, dunyo bo’ylab amalga oshirilayotgan loyihalarni quvvatlashda davom etadi.

Yaqinda Antarktikaga safar qilgan Kerri fikricha, jamoatchilik Trampga bu masalalarda bosim o’tkazishi kerak.

“Omma iqlim bilan bog’liq muammolarga befarq bo’la olmaydi. Katta harakat boshlash kerak”,- deydi Kerri.

Davlat departamentida kelasi ikki oy o’tish davri. Kerri boshchiligida bu vazirlik Tramp ma’muriyatiga topshiriladi.

Tashqi siyosat va diplomatiya

Demokratlar Prezident Tramp dunyo bilan aloqani cheklaydi, buzadi yoki keskinlashtiradi deya vahimada.

Tramp saylov kampaniyasidagi chiqishlarida NATOni qoralab, Rossiya rahbari Vladimir Putinnni maqtab, uning agressiv siyosatini olqishlab, nafaqat Yevropadagi ittifoqchilarni balki Osiyodagi azaliy hamkorlarning noroziligiga uchradi. Immigratsiya, qochqinlar, musulmonlar va islom haqidagi fikrlari Trampni irqchi va nafratomuz arbob sifatida tanitdi.

"Bu qarashlari bilan Tramp Amerikaga nisbatan ishonchni yemirdi va nufuzimizga ulkan zarar keltirdi",- deydi Nikolas Byorns, Garvard universiteti professori va sobiq diplomat.

Tashqi siyosat eng murakkab yo’nalishlardan biri. Prezident har bir masala bilan izchil tanishishi, tahliliy va uzoqni ko’zlab mulohaza yuritishi lozim. Ko’plab siyosatdonlar, hatto respublikachi tahlilchilar ta’biricha ham Tramp bir-biridan chigal global masalalar haqida deyarli tasavvurga ega emas. Maslahatchilari o’tkir bo’lgan taqdirda ham qarorni prezident qiladi, deydi ekspertlar.

Tramp NATO ahamiyati va rolini tushunganida bu blokni qoralamagan bo’lar edi, chunki u 28 davlatdan iborat eng kuchli harbiy ittifoq, Amerika uning markazida. Siyosatshunoslar, shuningdek, Trampning Osiyo haqidagi gaplarini ham safsata deb hisoblab, Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy bilan til topishib ishlash naqadar muhim ekaniga urg’u beradi. AQSh qudrati uning ittifoqchilari ko’pligida.

Moskva-Vashington

Tashqi siyosatda Tramp Putinga o’xshab ish yuritishi mumkin degan xavotir ham mavjud. Kreml rasmiylari bu taxminni asossiz deb hisoblamaydi, aksincha, shunday bo’lgan taqdirda aloqalar silliqlashadi, deydi.

Davlat kotibi etib yoki senator Bob Korker yoki BMTdagi sobiq elchi, Bush davrida ishlagan Jon Bolton tanlanishi mumkin. Nomzodlar orasida Zalmay Halilzod, afg’on-amerikalik arbob, ham bor.

Korker pragmatik qarashlari bilan tanilgan. Senatda Tashqi aloqalar qo’mitasini boshqarib keladi.

Bolton esa cho’rtkesar, AQSh manfaatlari hamisha va har joyda birinchi o’rinda bo’lishi kerak deya fikrlaydigan arbob. U murosa va muvozanat emas, “biz shuni istaymiz va qilamiz” deya ish tutadigan shaxs, deya tasvirlaydi tahlilchilar.

Davlat kotibi uchun ko’rsatilishi mumkin bo’lgan yana bir kishi - sobiq kongressmen Nyut Gingrich. Eron va Shimoliy Koreyaga nisbatan keskin pozitsiyadagi siyosatchilardan. Amerika, zarur bo’lsa, bu davlatlarga qarshi harbiy choralar ham ko’rishi kerak deb kelayotgan arboblardan.

Senatda Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi Jeff Sesshens ham tashqi ishlar vaziri lavozimi uchun nomi tilga olinayotganlardan biri.

General Stenli Makkristal ham nomzod, deya bildirmoqda Trampga yaqin manbalar. Makkristal Afg’oniston, terrorizm, “Islomiy davlat” ga nisbatan o’z takliflarini olg’a surib kelayotgan iste’fodagi harbiylardan.

Kelasi ikki oy mobaynida Amerika hukumatidagi 4000 ming yuqori lavozimga yangi odamlar tayinlanadi. Ularning katta qismi Amerikaning global maydondagi maqsadlarini amalga oshirish bilan mashg’ul bo’ladi. Tashqi siyosat ko’chmas mulk bozori yoki shou-biznes emas. Tramp yetti o’lchab bir kesishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG