Breaking News

Trampning tashqi siyosati qanday bo'ladi?


AQSh tashqi siyosatida kutilayotgan o'zgarishlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

AQSh tashqi siyosatida kutilayotgan o'zgarishlar

Prezidentlik uchun saylov kampaniyasi davrida Donald Tramp tashqi siyosatga oid qarorlari kutilmagan va oldindan ma'lum qilinmasligini aytgan edi. Yangi rahbar bu borada so'zining ustidan chiqayotganga o'xshaydi.

Trampning Oq uyga kirishiga ikki oycha vaqt qolar ekan, ko'plab mutaxassislar uning tashqi siyosati qanday bo'lishi haqida hanuz hech narsa bilmasliklarini aytmoqda.

O'zini mohir muzokarachi sifatida tanishtirgan milliarder-tadbirkor tashqi siyosatda ko'rinishidan bir-biriga zid, ikki xil yo'ldan borishi mumkin.

Tramp ba'zan dunyo ishlariga ko'p aralashmasdan, asosiy e'tiborni Amerikaga qaratishini aytsa, boshqa hollarda "Islomiy davlat" hududini bombalash, Amerika neft kompaniyalarining xorijdagi ishlariga yordamlashish kabi g'oyalarni olg'a surgan edi.

Saylovda g'olib chiqqandan beri Tramp ayrim bahsli fikrlaridan qaytayotgan ko'rinadi.

Shu bilan birga, ma'muriyat uchun ishga olinayotgan ayrim maslahatchilarga qaralsa, dunyo ishlariga aralashmaslik bo'yicha Tramp siyosatining amalga oshishi shubhali ko'rinmoqda.

Tramp iste'fodagi general Mayk Flinni milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi qilib oldi, qonunchi Mayk Pompeoni esa Markaziy razvedka boshqarmasi direktori lavozimiga tavsiya qildi. Ularning har ikkisi Eron yadro dasturiga doir xalqaro kelishuvga qarshi va hatto Tehronda tuzumni o'zgartirishga chaqirgan. Shuningdek, ular "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi faolroq kurash olib borish tarafdori.

Bunday qarashlar Obama ma'muriyatinikiga qaraganda agressivroq, ammo mudofaa tizimida ishlovchi odamlar uchun ajablanarli hol emas, deydi "American Conservative" jurnali muharriri Daniel Larison. Uning taxminicha, Tramp Obama siyosatiga o'xshash yo'ldan ketadi.

"U tayinlayotgan odamlarga qarasangiz, ular Vashingtonda tashqi siyosat bo'yicha mavjud guruhlarga mos ekanini ko'rasiz. Asosiy farq taktik tafovutda yoki bu tafovut darajasida. AQShning dunyodagi rolini butunlay o'zgartiradigan holatlar bo'lmaydi", - deydi u.

Tramp Janubiy Karolina gubernatori Nikki Xeylini BMTga AQSh elchisi etib tayinlagach, bu qarash o'z tasdig'ini topgandek bo'ldi. Pompeo kabi Xeyli ham mavjud siyosiy tizimning vakili.

Tramp olg'a surayotgan nomzodlar uning izyolyatsiya yo'lidan voz kechib, xalqaro maydonda faol bo'lish yo'liga o'tganidan darak beradimi? "Yo'q", deydi Jorj Vashington universiteti professori Elizabet Sanders.

"Trampning so'zlarida ham, u tanlagan odamlarda ham ziddiyat bor. Oldindan bir narsa deyish qiyin", - deydi u.

Mudofaa vazirligi va Davlat departamentida rahbarlikka kimlarni tayinlanishi aniq bo'lgach, Trampning tashqi siyosati qanday bo'lishi yanada oydinlashadi.

Sandersga ko'ra, Trampning qanday siyosat olib borishini hanuz aniq aytishning imkoni yo'q. Yangi prezident oldindan rejalarini oshkor etmaslikni o'z strategiyasi qilib olganga o'xshaydi, deydi u.

Tramp uchun bu ajablanarli emas. Bu haqda u oshkora aytib keladi.

"Davlat sifatida oldindan bilib bo'lmaydigan bo'lishimiz kerak. Hozir hamma narsamiz ochiq. Hamma narsani aytamiz. Agar qo'shin jo'natmoqchi bo'lsak, oldindan aytamiz", - deya istehzo qilgan edi Tramp saylov kampaniyasi davrida.

Tramp yangi hukumatda shu an'anaga chek qo'ymoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG