Tramp tashqi siyosatda faollashyaptimi?

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp Suriyada tinch aholiga qarshi kimyoviy qurol qo'llanishi ortidan Prezident Bashar Assad rejimini havo zarbalari orqali jazolashga qaror qildi. Oradan bir hafta o'tib esa Shimoliy Koreya yaqiniga ogohlantirish sifatida avianosets jo'natdi. Tramp "Amerika birinchi" tamoyilidan uzoqlashib, xalqaro siyosatda faol bo'lish yo'lidan ketyaptimi?

AQSh Prezidenti Donald Tramp yaqinda saylov kampaniyasi davrida bot-bot takrorlagan gapini yana bir bor tilga oldi.

"Men dunyoning prezidenti emasman. Men AQSh Prezidentiman. Bundan buyon Amerika manfaatlari birinchi bo'ladi", - dedi u.

Ammo Trampning bu siyosatiga xalqaro mojarolar to'g'anoq bo'lmoqda.

Suriyada kimyoviy qurol qo'llangani aniqlangach, Tramp Bashar Assad hukumatiga qarshi havo hujumlarini ishga soldi.

Osiyoda esa AQSh avianosetsi Shimoliy Koreyaga qarab suzmoqda.

Bu avtoritar Kim Chen In rejimi uchun ogohlantirish.

Oq uyda ham o'zgarishlar bor.

Trumpning bosh maslahatchisi Stiv Bennon Milliy Xavfsizlik Kengashi a'zoligidan chiqarilgan.

So'nggi o'zgarishlarni yoqlayotganlar ko'p. Tramp faol tashqi siyosat olib bormoqchimi, deb so'rayotganlar ham talaygina.

Voqealarni bunday talqin qilish xato, deydi Tramp jamoasida ishlagan tahlilchi Jim Karafano.

"Xalqaro ishlarga aralashuv siyosati emas bu. Agar AQSh manfaatlari o'rtaga chiqsa, prezident aralashishga tayyor ekanini ko'rsatib qo'ydi", - deydi u.

Tahlilchiga ko'ra, buni Obama siyosatining teskarisi deyish mumkin; chunki sobiq prezident kuch ishlatishdan o'zini tiyib kelgan.

Jorj Bush esa haddan ziyod ko'p kuch ishlatgani bilan tanilgan.

Oq uy rasmiylarining aytishicha, Suriyadagi hujumlar rejimni o'zgartirish siyosatiga qaytilganini bildirmaydi.

Obama ma'muriyatining sobiq rasmiysi Filip Krouliga ko'ra, bu aqlli strategiya.

"Prezident Trampni AQShda muammolarga yechim topadi, deb saylashdi. Suriyadagi muammolarni hal qilish uchun emas. Prezident harbiy chora ko'rishga tayyorligini aytsa ham, Oq uy AQShning harbiy yechimi yo'q bo'lgan fuqarolar urushiga tortilishni istamasligini bildirmoqda", - deydi u.

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayserning aytishicha, matbuot voqealarni bo'rttirmoqda. Oq uydagi o'zgarishlar talqini ham yanglish, deydi u.

"O'zgarayotgan narsa bu Vashington", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG