Breaking News

Ko'plab shaharlar Trampni sudga bermoqda


Trampga qarshi sud da'volari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:27 0:00

Prezidentlik lavozimini boshlaganiga ikki hafta to'lmasdan Donald Trampga qarshi sudga bir nechta shikoyat tushdi. Ularning aksariyati "musulmonlarga qarshi taqiq" deb atalayotgan farmon haqida. Bu qaror, asosan, musulmonlar yashovchi yetti davlatdan hech kimni 90 kun davomida AQShga kiritmaslikni ko'zda tutadi. Shuningdek, suriyalik qochoqlarni qabul qilish dasturi ham noma'lum muddatga to'xtatilgan. Oq uyga ko'ra, yangi choralar AQSh xavfsizligini ta'minlash uchun zarur. Ammo tanqidchilar farmonning noqonuniy ekanini aytmoqda.

Muhojirlarga oid farmon chiqishi bilan mamlakat bo'ylab norozilik namoyishlari boshlandi. Hatto prezidentni sudga berganlar ham bo'ldi.

Massachussets shtati Bosh prokurori Maura Hili ulardan biri.

"Prezident qarori ayirmachilikka asoslangan va konstitutsiyaga zid. U dini va kelib chiqishiga qarab odam ajratadi. Bu yerda yashaydigan odamlarimizni qonun asosida teng himoyalanish huquqidan mahrum qiladi hamda immigratsiyaga oid federal qonunlarni buzadi", - deydi u.

Bundan avvalroq San-Fransisko shahri ham hujjatsiz muhojirlarni himoya qilgan shaharlarga federal yordam berilmasligi haqidagi qarorga qarshi ariza topshirdi.

"San-Fransisko va boshqa shaharlarni milliardlab dollar federal mablag'dan bebahra qilishga urinayotgan Prezident Donald Tramp va uning ma'muriyatiga qarshi sudga shikoyat topshirdim. Prezidentning qarori nafaqat konstitutsiyaga, balki Amerka qadriyatlariga ham ziddir", - deydi San-Fransisko shahri bosh huquqshunosi Denis Herera.

Vashington shtati ham shu yo'ldan bordi.

"Bu shikoyat boshqacha va ko'lami ham keng. U farmonning ayrim qismlarini noqonuniy va konstitutsiyaga zid deb topishni talab qiladi", - deydi shtat bosh prokurori.

Amerika-Islom aloqalari kengashi ham sudga ariza topshirdi.

Farmonga qarshi chiqqani uchun adliya vaziri vazifasini bajaruvchi Salli Yeytsning Prezident Tramp tomonidan ishdan olinishi noroziliklarni yanada kuchaytirdi.

"Adliya vazirini ishdan haydash hech eshitilmagan narsa emas, lekin o'tmishda bu narsaning oqibati yaxshi bo'lmagan. Prezident tanqidchilari orasida bu ishni noqonuniy deb hisoblovchilar soni yanada oshadi", - deydi huquqshunoslik bo'yicha professor Sem Erman.

Respublikachi qonunchilarning aksariyati Tramp tarafida.

"Tekshiruv jarayoni kuchli ekaniga ishonch hosil qilishimiz kerak. Toki mamlakatimiz xavfsizligi va tinchligi kafolatlansin", - deydi Spiker Pol Rayn.

Vakillar palatasi spikeriga ko'ra, milliy xavfsizlikka oid yangi tartib yo'lga qo'yilgach, qochoqlarni qabul qilish dasturi yana boshlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG