Breaking News

Trampning matbuot bilan urushi


Donald Tramp saylov kampaniyasidan beri ayrim ommaviy axborot vositalariga hujum qilib kelgan. Ba’zilar prezidentlikka saylanganidan so’ng uni og’irroq bo’ladi deb o’ylab, xato qilgan ko’rinadi.

"Tashkilotingizning mazasi yo’q", - degan edi u bir muxbirga qarab.

Ammo hozir ham Tramp matbuotga hujum qilib turadi.

"Savol berish navbatini sizga bermayman. Chunki sizlar soxta xabar tarqatasiz”, - dedi Tramp yaqinda CNN muxbiriga qarab.

Prezident matbuotni o’ziga qarshi kampaniyada ayblab, ayrim jurnalistlar bilan deyarli har kuni olishib turadi.

"Xabaringiz bor, matbuot bilan urushim tugagani yo’q. Jurnalistlar dunyodagi eng yolg’onchi odamlardir", - dedi u.

Amerikaning oldingi prezidentlari ham matbuot bilan tez-tez to’qnashib turgan, ammo Tramp darajasida emas.

Vashington siyosatini 1964-yildan beri o’rganib kelayotgan Jorj Vashington universiteti professori Stiven Roberts matbuotga bunchalik yopishib olgan prezidentni eslay olmayman, deydi.

Trampning 1987-yilda nashrdan chiqqan “Kelishish san’ati” deb nomlangan kitobida yozishicha, matbuot hamisha yaxshi materialga, sensatsiyaga chanqoq bo’ladi. Davlat rahbari o’sha paytlariyoq matbuotdan foydalanishni yaxshi bilgan.

Tramp matbuotga birinchi bo’lib hujum qilmayman, hujumiga qarshi javob beraman, deydi. Ammo Tramp biografi Gvenda Bleyr uning bu gapiga qo’shilmaydi.

"Tramp kurashishni, janjallarni, agressiv, tarang, mojaroga to’la muhitni yaxshi ko’radi. Odamlar Tramp hujumlarga javob qaytarib, so’ng o’ziga keladi deya, yanglish fikrlaydi. Ammo u janjallarsiz yasholmaydi, u uchun normal holat bu”, - deydi “Tramplar oilasi” kitobi muallifi.

Oq uyda bunday strategiya ish beradimi, yo’qmi, vaqt ko’rsatadi. Prezidentning reytingi past bo’lishiga qaramay, ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning Tramp ma’muriyatiga ishonchi matbuotga qaraganda yuqori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG