Tramp musulmonlarni kamsitar ekan, dunyo bo'ylab norozilik

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka respublikachi nomzodlardan biri Donald Tramp fikricha AQShga musulmonlar kirishini taqiqlash kerak

Prezidentlikka respublikachi nomzodlardan biri Donald Tramp fikricha AQShga musulmonlar kirishini taqiqlash kerak

Prezidentlikka nomzod respublikachi Donald Trampning musulmonlarni AQShga kiritmaslik haqidagi taklifi dunyo bo’ylab musulmonlar noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Kaliforniya shtatida musulmon er-xotin 14 odamni o’ldirishi ortidan Tramp islom diniga sig'inadiganlar AQShga kiritilmasin deya bong ura boshladi.

“Islom va musulmonlarga nisbatan bunday dushmanona kayfiyat sakkiz million atrofidagi tinchlikparvar va sadoqatli musulmonlarni o’z ichiga olgan Amerika jamiyatida ziddiyatni kuchaytiradi”, - deyiladi Misrning mashhur Dor ul-Ifta islomiy fiqh jamg’armasi bayonotida.

Afg’oniston parlamenti a’zosi Nasar Osoliy esa Trampni kasal odam deb, amerikaliklar bunday shaxsga ovoz bermasligidan umidvor.

Pokistonda olimlarni o’ziga jamlagan Ulamo kengashi prezidenti Tohir Ashrafiy fikricha Trampning so’zlari nafrat va zo’ravonlikka yetaklaydi.

“Agar biror musulmon rahbar nasroniylar va musulmonlar o’rtasida urush bor desa, biz uni qoralaymiz. Shunday ekan, nega endi amerikalik bu gapni aytsa, uni tanqid qilmasligimiz kerak?”

Hokimiyatdagi Musulmonlar ligasi partiyasidan parlamentga saylangan Talat Chodhuriy nazarida Trampning so'zlari Amerika obro’siga putur yetkazadi.

“Odamlar u yerda yashasam deydi, Amerika tizimini ideallashtiradi. Tramp esa bu siyosat va tamoyillarga qarshi shaxsga o’xshaydi”, - deydi u “Amerika Ovozi”ning Urdu xizmati bilan suhbatida.

Dunyoning eng katta musulmon o’lkasi bo’lgan Indoneziyaning Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Armanata Nosir:

“Terrorizmning biror din, davlat yoki irqqa aloqasi yo’q”, - deydi u.

Indoneziyadagi ikkinchi eng katta diniy guruh bo’lgan Muhammadiya tashkiloti rahbari Din Shamsuddin deydiki, Trampning fikrlari jiddiy qabul qilishga loyiq emas.

“Hozirgi zamonaviy, globallashgan dunyoda tor tushunchali, ayrim odamlarni Amerikaga kirishdan to'sadigan odam borligi kulgili”, - deydi u.

Bangladeshda esa faollar Trampning qarashlari G’arb va musulmon davlatlari aloqalarini yanada chigallashtirishi mumkinligidan xavotirda.

“U yerda yashayotgan qarindoshlarimiz uchun ham tashvishdamiz”, - deydi Dakada yashovchi Muhammad Musa.

"Twitter" da Saudiya Arabistonidan bir odam, “Unday bo’lsa, bu yerda "Aramco" va boshqa neft kompaniyalarida ishlayotgan amerikaliklarni ishdan bo’shatamiz”, - deb yozdi.

Yana bir saudiyalik fikricha esa tez orada Tramp barcha musulmonlarni deportatsiya qilishga chaqirishi mumkin.

Misrdan mashhur satirachi Basim Yusuf ham "Twitter" orqali “Donald Tramp natsistlar tilida ravon gapirishini bilmagan ekanman”, deya fikr qoldirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG