Tramp: AQSh xorijda faqat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishi kerak

  • Amerika Ovozi

Prezidentlik uchun respublikachilar nomzodi Donald Tramp

Prezidentlik uchun respublikachilar nomzodi Donald Tramp

Agar NATO davlatlaridan birortasi hujumga uchrasa, AQSh zudlik bilan ularning himoyasiga otlanishi kerakmi? Respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Trampga ko'ra, Vashington ularni himoya qilish majburiyatiga ega emas.

Tramp "Nyu-York Tayms" gazetasiga bergan intervyusida, agar NATOga a'zo 27 davlatdan birortasi hujumga uchrasa, AQSh ularga yordam berishi uchun ma'lum shartlar bajarilishi kerak, dedi u. Avvalo, ular NATO xarajatlarini qoplash uchun yetarli darajada o'z ulushini qo'shishi kerak, deydi respublikachi nomzod.

Tramp NATO bilan mavjud hozirgi kelishuvlarning davom etishiga qarshi emas, ammo Boltiqbo'yining Latviya, Litva va Estoniya davlatlari Rossiya hujumiga uchrasa, ularni himoya qilish uchun, avvalo, bu davlatlar qanchalik o'z majburiyatlarini bajarganiga qarash kerak, degan fikrda. Bu uch davlat 2004-yildan beri NATO a'zosi hisoblanadi.

Tramp maslahatchisi, iste'fodagi general-leytenant Maykl Flinning aytishicha, NATO a'zolari, ko'pincha, AQSh armiyasidek harbiy kuchga ega bo'lishni xohlaydi, ammo buning xarajatlarini ko'tarishga qodir emas.

"Aloqalar achchiq haqiqatga asoslangan holda samimiy va yaxshi bo'ladi. NATOdagi barcha davlatlar bir xil harbiy resurslar va imkoniyatlarga ega bo'la olmaydi", - deydi u.

Tramp Ikkinchi jahon urushidan beri AQSh xalqaro maydonda olib borgan gegemonlik siyosatiga chek qo'ymoqchi.

"Amerika birinchi" deganda biz dunyodagi boshqalar haqida o'ylashdan oldin, avvalo, o'z mamlakatimiz haqida qayg'urishimiz lozimligini tushunamiz, deydi Tramp.

Unga ko'ra, AQSh boshqa davlatlarning siyosatini o'zgartirishga urinishdan oldin o'z uyidagi muammolarni bir yoqli qilishi kerak.

"Boshqalarga aql o'rgatish huquqiga ega emasmiz, - deydi Tramp. - Mamlakatimizda nimalar bo'layotganiga qarang. Odamlar politsiyachilarni otib tashlayotgan bir paytda qanday qilib boshqalarga ma'ruza o'qiymiz?"

Vashington muxolifatni keskin tazyiq ostiga olayotgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anni to'g'ri yo'lga boshlashi kerakmi, degan savolga Tramp rad javobini berdi.

"Dunyo AQShning qanchalik yomon holatda ekanini ko'rib turgan bir paytda biz fuqarolik erkinliklari haqida bong ursak, yaxshi o'rnak bo'la olmaymiz", - deydi u.

Unga ko'ra, AQShning xorijdagi siyosati, asosan, iqtisodiy manfaatlar bilan cheklanishi kerak.

"800 milliard dollarni boy berish uchun harbiy sohaga juda katta mablag' sarflayapmiz", - deydi Tramp.

Bu bilan u AQShning tashqi savdodagi defitsitiga ishora qilmoqda.

Agar AQSh kompaniyalarining xorijga chiqib ketishiga yo'l qo'ymaydigan yangi shartlar qo'shilmasa, milliarder nomzod Kanada va Meksika bilan tuzilgan Shimoliy Amerika Erkin Savdo Kelishuvini ham bekor qilmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG