AQShning NATO bilan aloqalari Tramp rahbarligida qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp Oq uyga kirgach Amerikaning Yevropa bilan aloqalari qanday bo’ladi? Atlantika okeanining narigi tarafidagi ittifoqchi davlatlar va, xususan, NATOga a’zo bo’lish arafasida turgan Chernogoriya Trampning “Rossiya bilan aloqalarni yaxshilayman”, “NATOga kamroq pul beramiz” degan so’zlaridan xavotirda.

“Bir paytlar Chernogoriya Rossiyaning Bolqondagi qal’asi edi. Hozir esa vaziyat batamom o’zgargan. Bosh vazir Milo Djukanovich hukumati davrida Rossiyaning bu mamlakatga ta’siri ancha kamaydi. Chernogoriya Qrim bilan bog’liq bo’lgan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo’llab-quvvatladi”, - deydi London Iqtisodiyot maktabidan tahlilchi Jeyms Ker-Lindsi.

Serbiya va Belarus bilan harbiy mashqlar o’tkazgan Rossiya Chernogoriyaning NATOga qo’shilish rejasidan norozi.

Bosh vazir Djukanovichga qarshi suiqasd xuruji haqidagi xabarlar vaziyatni yanada taranglashtirgan. Bu ishda rossiyalik millatchilarning qo’li borligi, Rossiya hukumatining esa bunga daxli yo’qligi aytilmoqda.

Yevropa Ittifoqi ichidagi muammolar, Britaniyaning tashkilotdan chiqayotgani NATO uchun noqulayliklar tug’dirmoqda.

“Bunday sharoitda Yevropa davlatlari yanada jipslashib, Britaniya bilan aloqalarni yanada kuchaytirishi kerak”, - deydi Londondagi Chatxem uyi tahlilchisi Lesli Vinjamuri.

AQShning yangi saylangan Prezidenti Donald Tramp NATOga a’zo mamlakatlar alyans byudjetiga ko’proq pul ajratishini talab qilmoqda, aks holda ularga yordam bermaymiz, deydi u.

“Hamma narsa hozir havoda turibdi. Agar Yevropa mintaqani himoya qilish uchun qattiqroq chora ko’rmasa, Moskva fursatdan foydalanib qoladi degan fikrdaman”, - deydi Jeyms Ker-Lindsi.

Biroq aksariyat tahlilchilar nazarida, agar xavfsizlikka tahdid tug’ilsa, Trampning NATOga munosabati keskin o’zgarishi mumkin.

“O’tmishda bunday holatlarni ko’rganmiz. Kenja Jorj Bush prezidentlikka kelganida boshqa rejalar va siyosatni ko’zlagan edi, ammo 11-sentabr xurujlari vaziyatni tamoman o’zgartirib yubordi”, - deydi Lesli Vinjamuri.

Tramp tashqi siyosatining qanday bo’lishi davlat kotibi lavozimiga kimni tayinlashiga bog’liq, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG