AQSh-Xitoy muzokaralari oldidan Koreya yarimorolida shov-shuv

  • Amerika Ovozi

Shanxay ko'chalarida

Bu hafta Xitoy rahbari Shi Zinpin Prezident Donald Tramp bilan muloqot qiladi. 6-aprel kuni Florida shtatidagi uchrashuv oldidan Tramp Shimoliy Koreyaga nisbatan keskin gaplar aytib, bu davlatga qarshi biror jiddiy qadam tashlanishi mumkin degan shov-shuvni avj oldirdi. Pxenyan, uning atom qurollari va yangi raketalari asosiy mavzu bo'ladi.

Tramp azaldan Shimoliy Koreya masalasida Xitoy yetakchi rol o'ynab, bu yopiq mamlakatni dunyoga ochishga harakat qilishi kerak, deb keladi.

Kuni kecha Yevropa matbuotiga bergan intervyusida, Amerika rahbari agar Xitoy Pxenyanni hozirgi yo'lidan qaytarmasa, "biz o'zimiz qaytaramiz" deya dag'dag'a qilgan. Tramp fikricha Shimoliy Koreya Xitoyga tayanib qolgan; uning yadroviy salohiyati oshishida Pekin bilan hamkorlik muhim rol o'ynaydi. Xitoy yaqin qo'shnisi atom qurolini ko'paytirishini istaydimi? Istamasa, demak, chora ko'radi, deydi AQSh prezidenti.

Seulda odamlar Shimoliy Koreyaning yangi qurollari haqidagi yangiliklarni tomosha qilmoqda
Seulda odamlar Shimoliy Koreyaning yangi qurollari haqidagi yangiliklarni tomosha qilmoqda

Yaqinda AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson va Mudofaa vaziri Jeyms Mattis Pekin, Tokio va Seulda bo'lib, Shimoliy Koreyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni birgalikda kuchaytirishga kelishib olgan edi.

Vashingtonda bu iqtisodiy cheklovlar doirasida Xitoyning ayrim banklariga, xususan Pxenyan bilan ishlovchi moliyaviy tizimlarni ham nishonga olish haqida gap ketmoqda.

Pekin bunga qarshi chiqishi tabiiy. Tramp yaqinlashayotgan muzokaralarda biror kelishuvga erishmasligi tayin, deydi siyosatdonlar, lekin tomonlar bir-birining yondashuvi bilan tanishadi.

Pekin azaldan Koreya yarimorolini beqarorlashtirishga urinmang, deya undab keladi. Vaziyat hozirgidan yomonlashsa, millionlab odamlar uy-joysiz qolishi, qurolli urush boshlanishi mumkin, deydi Xitoy rasmiylari.

G'arb rasmiylari esa bu kabi bayonotlarga "bahona" sifatida qaraydi. Xitoy istasa, deydi ular, biror muammosiz Pxenyanni yo'lga solishi mumkin. Uni quvvatlab, Pekin o'z siyosiy qudratini ta'minlamoqda.

Amerika va Xitoy orasida boshqa qator ziddiyatli masalalar bor, jumladan, Janubiy Xitoy dengizi ustidagi kelishmovchiliklar va yuan qiymati.

Tramp bu muammolarni birvarakayiga hal etishga urinishi mumkin. Savdo va xavfsizlik yuzasidan muzokaralar boshlab, yirik natijaga erishish uning maqsadi, deydi ekspertlar.

Seuldan tahlilchi Bong Yang-shik deydiki, Vashington Pekin Shimoliy Koreyaga nisbatan chora ko'rishi uchun qator yo'nalishlarda unga yon bosishi mumkin. Xususan, AQSh Janubiy Xitoy dengizida Xitoy asosiy xo'jayin ekanini tan olishi mumkin. O'zini Xitoydan mustaqil deb biluvchi Tayvanni hozirgidek quvvatlamay qo'yishi mumkin. Xitoydagi inson huquqlari bilan bog'liq ahvolga ko'z yumishi mumkin.

Tramp deydiki, muzokara va oldi-berdi biznesda bo'lgani singari siyosatning ajralmas qismi.

Xitoy Pxenyanni o'zgartirishga qaror qilib, Amerikadan Koreyadagi minglab qo'shinini olib chiqib ketishni so'rasa-chi? Tramp bu savolga javob berishga tayyor emas.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Janubiy Koreyada, 17-mart, 2017
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Janubiy Koreyada, 17-mart, 2017

Davlat kotibi Tillerson agar Shimoliy Koreya Amerika shartlariga ko'nmasa, unga nisbatan harbiy kuch ishga solinishi mumkin deya ogohlantirgan.

Eskpert Jeyms Noltga ko'ra, bunday qadamlar o'ta qaltis va muzokara boshlanmay turib, do'q qilish odatda tinchlikka yetaklamaydi. Lekin, deya tan oladi mutaxassis, hozircha harbiy chora nimadan iborat bo'lishini bilmaymiz.

Siyosatdonlar har bir qadamni o'ylab bosishni maslahat beradi, chunki Pxenyanda atom qurollari bor. Millionlab odamlar hayoti xavf ostida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG