Trampning yadro qurollariga oid siyosati qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkilotida yadro qurollarini taqiqlashga oid muzokaralar boshlandi. Ayni paytda Vashington atom bombalariga oid siyosatini qayta ko'rib chiqmoqchi. Saylov kampaniyasi davrida Donald Trampning bunday qurollarga moyilligi sezilgan edi.

Barak Obama joriy etgan ko'plab choralar yangi rahbar davrida bekor qilinishi mumkin. Sobiq prezident dunyoda barcha yadro qurollarini yo'q qilishni oruz qilgan edi.

Qo'shma Shtatlar 2010-yildan beri ilk bor yadroviy siyosatini qayta ko'rib chiqmoqda. Atom qurollarini sinashga qo'yilgan cheklov bekor qilinishi mumkin.

"20 yildan beri biror tajriba o'tkazmadik. O'shandan beri yadro qurollarimizga ayrim o'zgarishlar kiritdik. Ularning amaliyotda qanday ishlashini to'liq bilmaymiz", - deydi tahlilchi Mikeyla Dodj.

Milliy xavfsizlik kengashi rasmiylariga ko'ra, yangi ma'muriyat yadro qurollari sonini oshirish masalasini ham ko'rib chiqishi mumkin.

Bularning barchasini Rossiya yaqindan kuzatyapti. Kremlning yadro arsenali AQShnikidan ham kattaroq ekani aytiladi.

"Yangi ma'muriyatning bu haqda aniq siyosati yo'q. Bunga hali erta. Muammo shundaki, Respublikachilar partiyasida qurol nazorati tarafdorlari qolmadi", - deydi rossiyalik ekspert Sergey Rogov.

Rossiyalik kuzatuvchilar Vashington-Moskva aloqalarida haqiqiy o'zgarish bo'lishini istaydi. Xususan, atom qurollari sohasida.

"Agar AQSh qiziqroq biror taklif bilan chiqsa, Rossiya uchun yo'q deyish juda qiyin bo'ladi", - deydi Xalqaro aloqalar bo'yicha Moskva Davlat instituti direktori o'rinbosari Viktor Mizin.

Ammo Vashingtonda Rossiyaga shubha bilan qarovchilar ko'p. Yadro qurollariga oid amaldagi bitimga ham to'liq rioya qilinmadi, deydi ular.

"Bitimlar ijrosiga kelganda AQSh ularga keragidan ortiq rioya qiladi va uni saqlab qolish uchun Rosiyaga yengillik beradi", - deydi tahlilchi Dodj.

Qurollanishga qarshi faollar yangi siyosatda amaldagi kelishuv saqlanib qolishidan umidvor.

"Vaqt o'tib, Prezident Tramp va uning Pentagondagi jamoasi Rossiya bilan qurol nazorati bo'yicha kelishuvga erishish zaruratini tushunadi. Yangi qurol poygasi kerak emas bizga. Yangi yadro qurollari va sinovlari uchun eshik ochilmasligi kerak. Aks holda qurollarni kamaytirish va yadro bombalari yoyilishini to'xtatish bo'yicha global ishlarga putur yetadi", - deydi qurol nazorati bo'yicha ekspert Deril Kimbol.

Yadro siyosatini qayta ko'rib chiqish bir yildan 18 oygacha vaqt oladi. Hukumat rasmiylari va Pentagon o'rtasida batafsil muzokaralar kechishi uchun bu yetarli vaqt.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG