Putin Trampni g'alaba bilan qutladi

  • Amerika Ovozi

Kreml, 9-noyabr, 2016

Kreml, 9-noyabr, 2016

Rossiya Donald Trampni AQSh prezidentligi saylovida g’alaba qozongani bilan tabrikladi. Ko’plab tahlilchilar endi AQSh-Rossiya munosabatlari iliqlashishi mumkinligi haqida gapirmoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o’z tabrigida o’zaro aloqalarni qayta tiklash, xalqaro masalalarni birgalikda hal qilish bo’yicha Tramp bilan yaqindan ishlashga umid bildirdi.

AQShning Rossiyadagi elchisi xonadonida saylov natijalari munosabati bilan nonushta tashkil etilgan. Unda xorijlik diplomatlar va Rossiyaning ayrim rasmiylari ishtirok etgan.

Trampning demokratlar nomzodi Hillari Klintondan ustun kelishi ko’pchilik uchun kutilmagan hol bo’ldi.

Ammo Putin haqida iliq fikr bildirgan nomzodning AQSh prezidenti bo’lishi Moskva bilan aloqalar tezda yaxshilanib ketishini anglatmaydi, deydi ayrim kuzatuvchilar.

“Hali bir narsa deyishga juda erta. Tramp yanvar oxirida prezident bo’ladi. Amerika Kongressi bilan ham murosa qilishi kerak. Kongressdagilar Rossiyani sevadiganlar emas. Bu Rossiyaga ham bog’liq”, - deydi Moskvada yashovchi tahlilchi Maria Lipman.

Karnegining Moskvadagi rahbari Dmitriy Treninga ko’ra, tomonlar uchrashib, o’zaro aloqalarni gaplashib oladi.

Ammo ikki yildan ortiq sovuq munosabatlar ketidan tezda iliqlashuv yuz berishini kutmaslik kerak, deydi u.

“Hanuz xavfli holatdamiz. AQShda prezidentning yangilanishi manfaatlarda tubdan o’zgarish yasaydi, deb o’ylamayman. Siyosatlarning o’zgarishi yoki tuzatilishini kutish mumkin”, - deydi Trenin.

Moskva ko’chalarida Trampning g’alabasi olqishlar bilan kutib olindi.

“Rossiya uchun eng yaxshisi bo’ldi, - deydi Irina ismli talaba. – Chunki u Rossiyani tanqid qilmaydi”.

Nafaqaxo’r Yelena esa farqli qarashda. U Trampning salohiyatiga shubha bilan qaraydi.

“U his-hayajonga ko’p beriladigan odam. Uning mamlakatni barqaror boshqara olishiga ishonmayman”, - deydi u.

Saylov kampaniyasi davrida Putin va Tramp bir-biriga maqtovlar yog’dirdi. Rossiyaning Ukraina va Suriyadagi harbiy amaliyotlari haqida Tramp o’z partiyasidan ko’ra Moskva mavqeiga mos fikr bildirdi.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko ham Trampni g’alaba bilan qutladi. Ayni paytda u Ukrainani qo’llab quvvatlashda Respublikachilar partiyasi siyosati davom etishiga umid bildirdi.

Sobiq sovet o’lkalarining boshqa yetakchilari, jumladan, Moldova prezidenti ham Tramp hukumati mavjud aloqalarni o’zgartirmasligiga umid qilishini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG