Breaking News

Donald Trampning Chikagodagi yig'ini janjalga aylandi


Republikachi Donald Trampning Chikagodagi Illinoys Universitetida rejalangan yig'ini bekor qilinishi ortidan namoyishchilar tantana qilmoqda. 11-mart, 2016-yil.
Republikachi Donald Trampning Chikagodagi Illinoys Universitetida rejalangan yig'ini bekor qilinishi ortidan namoyishchilar tantana qilmoqda. 11-mart, 2016-yil.

Amerikada prezidentlikka respublikachi da'vogar tadbirkor Donald Trampning Chikagoda juma kechqurun rejalangan yig'ini to's-to'polonga aylanib, bekor qilingan.

Minglab namoyishchilar Trampning tarafdorlari bilan olishgani ma'lum. Avvaliga yig'in o'tayotgan joyga o'nlab odamlar kirib olib, respublikachi nomzodga qarshi hayqirgan. Tadbir kechayotgan joy tashqarisida yana minglab odamlar namoyish qilgani aytiladi. Namoyish rostmana janjal va ur-yiqitga aylanib ketgach, Tramp Chikagodagi bu yig'inni bekor qilgan.

Besh kishi hibsda, ikki politsiyachi jarohatlanib kasalxonaga yetkazilgan.

Oradan bir kun o'tib, milliarder biznesmen bugun, shanba kuni Ogayoda saylov kampaniyasini davom ettirmoqda.

Trampning raqibi, Texas shtatidan senator Ted Kruz mazkur voqeani tanqid qilar ekan, Tramp zo'ravonlikni targ'ib qilib, matbuot xodimlariga tazyiq o'tkazib, natijada o'zini jazoladi va janjallarga botdi, dedi.

Ogayo shtati gubernatori, respublikachi nomzod Jon Keysik nazarida ham biznesmen o'zining g'alamis, ziddiyatli da'vatlari bilan zo'ravonlikka yo'l ochib berdi. "Tramp jamiyatni bo'lib tashlashni targ'ib-tashviq qilib, buning mevasini bugun o'zi ham tatib ko'rdi", - deydi Keysik.

Oxirgi haftalarda shtatma-shtat o'tgan qator partiyaviy saylovlarda g'alaba qilgan Tramp o'zini Respublikachilar partiyasini birlashtiruvchi kuch deya ta'riflay boshladi. Biroq uning xususan immigrantlarga, musulmonlarga qarshi g'azab, nafratga to'la da'vatlari, saylov kampaniyasi davomida namoyishchilarga nisbatan qattiqqo'l, behurmat muomalasi unga qarshi tanqidlarni avj oldirdi.

15-mart kuni besh shtatda saylovlar o'tishi kerak.

Bugun Tramp Ogayoning ikki shahrida targ'ibot ishlarini olib borayapti. Sinsinatida rejalangan yig'in bekor qilingan, chunki xavfsizlik xizmati zarur choralar ko'rib ulgurmagan.

Biznesmenning ayniqsa oq tanli, ishchi mehnatkashlar sinfi orasida reytingi baland. U "Amerikani yana buyuk davlat qilaman" degan hayqiriqlari bilan Ogayoda iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzlashayotgan sanoat ishchilarini o'ziga og'dirishi kutilmoqda.

Chikagodagi to'polon:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG