Breaking News

Trampning ayrim tashabbuslariga o'z partiyadoshlari qarshi


Donald Tramp o’tgan yilgi saylov paytida bergan va’dalaridan biri Obama davrida qabul qilingan tibbiy sug'urtani bekoq qilish edi. O'rniga yangi, arzon, mukammal bir tizimni yo'lga qo'yamiz, hech kim sug'urtasiz qolmaydi, degan edi prezident.

Biroq tezlikda ishlab chiqilgan yangi loyiha jamiyatning turli qatlamlarida keskin tanqidga uchrab, ovozga ham qo'yilmadi. Respublikachilar yetarli ovoz to'play olmadi. Bu Prezident Tramp uchun yirik mag'lubiyat deya talqin qilinmoqda.

Kongressdagi mustaqil byudjet idorasi hisobiga ko'ra, Tramp olg'a surgan yangi dastur ishga tushsa, byudjet kamomadi biroz kamayadi, lekin 10 yilda 24 million amerikalik tibbiy sug'urtasidan ayriladi.

Prezidentning ayrim tashabbuslariga uning o’z partiyadoshlari qarshi chiqmoqda. Obama davrida ishga tushgan hozirgi dastur millionlab amerikaliklarni sug’urta bilan ta’minlagan. Uni qanday yangilash bo’yicha respublikachilar orasida yakdillik yo’q.

Vakillar Palatasi spikeri Pol Rayan partiyadoshlariga hukumatning barcha organlari ular qo’lida ekanini eslatib qo’ydi.

“Yillar davomida muxolif partiya edik. Endi hukmron partiya bo’lishga o’rganishimiz kerak", - deydi u.

O’tgan yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiya aralashgani to’g’risidagi da’volarni tekshirish yuzasidan ham ziddiyatlar mavjud.

“Nafaqat tergov o’tkazamiz, Rossiyani jazolaymiz ham”, - deydi senator Linzi Grem.

Vakillar Palatasining razvedka qo’mitasi rahbari Devin Nunes esa ehtiyotkorlikni ma’qul ko’radi.

“Donald Trampni Oq uyga saylashda Rossiya yordam bergani haqida har xil mish-mishlar borligini hammamiz bilamiz. Shuning uchun tergov olib borayapmiz. Oldindan bu haqda hech narsa deya olmayman”.

Trampning xalq orasidagi reytingi past, lekin tarafdorlari uni 100 foiz qo’llab-quvvatlaydi.

Tahlilchi Jon Fiyeriga ko’ra, respublikachilar orasidagi bo’linishlar Trampning rejalariga g’ov bo’lishi mumkin.

“Va’dalarini bajarib kelayapti. Oliy sudga konservativ sudyani nomzod etib tanladi. Immigratsiyani cheklaymiz degan. Mamlakatga terrorchilar kirib kelishini bartaraf etish uchun choralar ko’rdi”, - deydi u.

Shu bilan birga, Tramp faqatgina unga ovoz bergan saylovchilarni xursand qilish bilan band, deydi siyosatshunos Jon Fortye.

“Prezident jamiyatning barcha qatlamlari uchun birdek xizmat qilishi darkor. Aks holda, ikki yildan so’ng Kongress saylovlarida yoki Tramp qayta saylanaman deganda unga qiyin bo’ladi”.

Trampning fevralda Kongress huzurida qilgan birinchi nutqi iliq kutib olingan. So’zlarida murosa ohangi sezilgan edi. Ammo bu o’zgarish uzoqqa bormadi, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG