Respublikachilar partiyasida Donald Trampga qarshi isyon

  • Amerika Ovozi

GOP 2016 Trump

GOP 2016 Trump

AQSh prezidentlik poygasida respublikachilardan yetakchi da'vogar Donald Tramp bugun konservatorlarning yirik anjumaniga bormasdan Kanzasda saylovchilar bilan uchrashmoqda.

Kanzas va yana bir necha shtat kelasi ikki kunda prezidentlikka nomzodlarni saralash uchun ovoz beradi. Demokratlardan HiIllari Klinton shu kungacha o'tgan partiyaviy saylovlarda mavqesini ancha kuchaytirib oldi.

Konservatorlarning yilllik yig'ini tashkilotchilari biznesmen Tramp so'nggi daqiqada anjumanda qatnashmaslikka qaror qilganidan afsusda.

Milliarder tadbirkor nomzodlikni qo'lga kiritishga yaqin turgani Respublikachilar partiyasini ikkiga bo'lib qo'ygan. Partiya rahbariyati va oqsoqollari nazarida Donald Tramp prezidentlikka loyiq emas va u konservativ qadriyatlardan yiroq.

Ammo shu kungacha shtatma-shtat o'tgan partiyaviy saylovlarning deyarli barchasida Tramp g'alaba qilgan.

2012-yilda Oq uyga saylanishga harakat qilgan respublikachi Mitt Romni yaqinda Trampga qarshi katta nutq so'zlab, uni "soxta" va "firibgar" deya tasvirladi.

"U olg'a surayotgan taklif-g'oyalar yana bir iqtisodiy krizisga yetaklaydi, AQSh va butun dunyoni xavf ostiga qo'yadi. Trampning bayonotlari, fe'l-atvori va shaxsiyati prezident bo'lishga noloyiq ekanini ko'rsatib turibdi", - deydi Romni.

U saylovchilarni Trampdan voz kechib, ovozlarni uning raqiblariga - senator Ted Kruz, senator Marko Rubio hamda Ogayo shtati gubernatori Jon Keysikka berishga undadi.

O'z partiyasining kuchli qarshiligiga qaramasdan Tramp agar nomzodlikni qo'lga kiritsa, demokratlardan ehtimoliy nomzod Hillari Klinton bilan bellashadi. AQShda prezidentlik saylovi 8-noyabrda o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG